Hujjatlar bir oy davomida qabul qilinadi. Abituriyentlar avvalgidek bir vaqtning o‘zida uchta akademik liseyga hujjat topshirishlari mumkin.
Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, 10 iyundan boshlab 2026/2027 o‘quv yili uchun umumta’lim maktablarining 9-sinf bitiruvchilaridan akademik liseylarga qabul bo‘yicha hujjatlar onlayn tarzda my.edu.uz portali orqali qabul qilinmoqda.
Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar ID-karta yoki tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma ma’lumotlarini kiritishlari, shuningdek, 3,5x4,5 sm o‘lchamdagi bir dona rangli fotosurat va tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning PDF yoki JPEG formatdagi nusxasini yuklashlari lozim.
Shuningdek, mavjud bo‘lgan taqdirda, qabulda imtiyoz beruvchi hujjatlarni ham taqdim etish mumkin:
— fan olimpiadasi g‘olibi diplomi; — xorijiy tillar va umumta’lim fanlarini bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar.
Ariza topshirish jarayonida abituriyent bir yo‘nalish bo‘yicha (ta’lim tili bir xil bo‘lishi shart) uchtagacha akademik liseyni tanlashi, shuningdek, kirish testini qaysi xorijiy tildan topshirishini ko‘rsatishi mumkin.
Kirish testlari abituriyent tanlagan hududda o‘tkaziladi.
Hujjatlar 10 iyul kunini ham qo‘shgan holda qabul qilinadi.
Qabul kvotalari hamda test topshiriqlari soni va baholash mezonlari bilan tegishli rasmiy manbalar orqali tanishish mumkin.