O‘zbekistonda AI-80 rusumli benzin narxi 2025 yil boshidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. 10 iyul kuni bir tonnasining birja narxi 10,19 million so‘mga yetdi. Narx oshib borishini Raqobat qo‘mitasining cheklovlarni bekor qilishi rag‘batlantirgan.
O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, benzin narxi 4 iyuldan buyon tinimsiz oshib bormoqda. Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi AI-80 benzini uchun belgilangan 5 foizlik narx o‘sishi chegarasini bekor qildi. Bu qaror ortidan narxlar ko‘tarildi va sotuv hajmi kamaydi.
10 iyul kuni AI-80 narxi 0,5 foizga o‘sib, bir tonnasining narxi 10,19 million so‘mni tashkil etdi. Bu narx joriy yilda birinchi marta 4 iyulda 10 million so‘mdan oshgan edi. Iyun oyida qabul qilingan qaror ortidan benzin bir oy ichida 7,7 foizga qimmatlashdi.
AI-80 benzini asosan Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqariladi. Ushbu benzin bo‘yicha sotuv hajmi 8,6 foizga — 1805 tonnaga nisbatan 1650 tonnagacha kamaygan.
Avvalroq, 2024 yil noyabr oyida AI-80 benzini uchun maksimal narx 9 mln 377 ming 555 so‘m etib belgilangan edi. Hozir esa bu cheklov amalda emas. Prezident tomonidan esa AI-80 benzindan foydalanishni cheklash va ekologik toza yoqilg‘iga o‘tish bo‘yicha vazifalar qo‘yilgan.