Namangan viloyatida faoliyat yurituvchi tadbirkor qarzdorlikni undirishda amaliy yordam so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, «T.M.S.S» MCHJ hamda «Qamchiqavtoyo‘l ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish korxonasi» o‘rtasida 2022–2026 yillar davomida transport vositalarini ijaraga berish va olish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Ushbu shartnomalar asosida korxonaga jami 20 ta avtomobil ijaraga berilgan.
Tadbirkor shartnoma bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘liq bajargan. Avtomobillar qabul qilish-topshirish dalolatnomalari asosida korxonaga topshirilgan va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun tegishli hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilgan. Biroq xizmatlar uchun to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmagan.
Natijada tadbirkor oldida 878 million so‘mdan ortiq qarzdorlik yuzaga kelgan.
Qonunchilikka ko‘ra, xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha tomonlar zimmasiga olgan majburiyatlarini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda bajarishi shart.
Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkor manfaatida sudga da’vo arizasi kiritildi. Namangan tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan «T.M.S.S» MCHJ foydasiga 878 million so‘m qarzdorlikni undirish belgilandi.