Bugun 8 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

1-sinfga qabul bu yil ham 20 iyundan boshlanadi

1-sinfga qabul bu yil ham 20 iyundan boshlanadi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qilishicha, 1-sinfga qabul jarayonlari bu yil ham ikki bosqichda amalga oshiriladi.

Birinchi bosqich 20 iyundan 31 iyulgacha davom etadi. Bu davrda arizalar bolaning yashash manziliga biriktirilgan mikrohudud doirasida qabul qilinadi.

Ikkinchi bosqichda esa mikrohududdan tashqari qabul jarayonlari tashkil etiladi. Bunda o‘quvchilarni qabul qilish maktablardagi bo‘sh o‘rinlar va ta’lim muassasasining imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.

Vazirlikning ta’kidlashicha, «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun talablariga muvofiq, bolalar 7 yoshga to‘ladigan yilda 1-sinfga qabul qilinadi. Shu bois 2026/2027 o‘quv yili uchun 1-sinfga qabul qilinadigan bolalar 2019 yil 31 dekabrga qadar tug‘ilgan bo‘lishi lozim.

6 yoshli bolalar uchun esa majburiy bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari faoliyat yuritadi.

Qayd etilishicha, maktablarga onlayn qabul jarayonlari Hukumatning 2022 yil 1 iyundagi 295-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglament asosida amalga oshiriladi.

Mas’ullar ota-onalarga qabul jarayonlari boshlanishi arafasida zarur hujjatlarni oldindan tayyorlab qo‘yish hamda rasmiy axborot manbalarini kuzatib borishni tavsiya qilmoqda.

Kiritildi: Bugun 12:11. O'qildi: 243 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!