Bugun 24 oktyabr, 2025 yil, juma

КИР

Toshketda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yildi

Toshketda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan IT-parkga tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yish marosimida ishtirok etdi.

Ikki yil oldin 200 million dollar investisiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20–25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.

Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida inkubasiya va akselerasiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, elektron ta’lim, biotexnologiya va boshqa yo‘nalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Toshketda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yildi

Hozirgi kunda «IT-Park» rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.

Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.

«O‘zbekiston – 2030» strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ortiq yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun’iy intellekt yo‘nalishining o‘zida O‘zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.

– Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qo‘yilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qo‘ygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan O‘zbekiston o‘rtasida manfaatli hamkorlikni yanada kuchaytirishda muhim o‘rin tutadi, – dedi davlat rahbari.

Loyihaga ko‘ra, «IT-Park» hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining «Data Volt» kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo‘lgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investisiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Toshketda IT-park loyihasining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo‘yildi

Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun’iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovasiyalar va bilimlarga asoslangan «Sun’iy intellekt xabi»ga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev kapsula qo‘yib, «IT-Park» loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.

Kiritildi: 14:12 21.10.2025. O'qildi: 587 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!