Bugun 10 sentyabr, 2025 yil, chorshanba

КИР

O‘zbekiston zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi

O‘zbekiston zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga insonparvarlik yordami jo‘natdi

O‘zbekiston zilziladan jabr ko‘rgan Afg‘onistonga 6 sentyabr kuni 265 tonna insonparvarlik yordami yubordi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.

Yordamni topshirish Balx viloyatining Hayraton shahrida amalga oshirildi. Umumiy og‘irligi qariyb 265 tonnani tashkil etgan, dori-darmon va oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat yuk “Termez Cargo Centre” hududida shakllantirilib, 14 ta yuk avtomobili orqali Hayratonga yetkazildi.

O‘zbekiston tomonidan marosimda prezidentning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi. Ular bunday tashabbuslar prezident Shavkat Mirziyoyevning yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, birdamlikni rivojlantirish va afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlashning yorqin ifodasi ekanini ta’kidlashdi.

Balx viloyati rahbariyati nomidan so‘zga chiqqan F.Robiy O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga alohida minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston yetakchisi va xalqi barcha qiyin davrlarda afg‘on xalqining yonida turganini ta’kidladi. U bu yordamni chinakam birodarlik ramzi sifatida baholab, afg‘on xalqi va rahbariyati buni hech qachon unutmasligini qayd etdi.

“Afg‘oniston vakillari o‘zbekistonliklarning yordamini oddiy dori-darmon va oziq-ovqat emas, balki birdamlik va insoniylik ramzi sifatida qabul qilishlarini ta’kidlab o‘tdilar. Bu yordam afg‘on xalqi qalbida o‘zbek xalqining mehr-shafqati va saxiyligi sifatida abadiy saqlanishi qayd etildi”, - deyilgan xabarda.

Surxondaryo viloyati hokimligining aniqlik kiritishicha, yuborilgan yordam tarkibidan un, guruch, shakar, tushyonka, makaron va qandolat mahsulotlari, yog‘, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh, qadoqlangan ichimlik suvi, 5 mingta yoping‘ich hamda 10 tonnadan ortiq dori vositalari va tibbiy buyumlar o‘rin olgan.

Avgust oyining so‘nggi kuni yarim tunga yaqin Afg‘oniston sharqida 6 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi va keyingi silkinishlar sodir bo‘ldi. Tabiiy ofat Kunar, Lagmon va Nangahor viloyatlariga ta’sir ko‘rsatdi, ko‘plab qishloqlarni vayron qildi, tog‘li hududlarda yo‘llar vayron bo‘lishi yoki yopilib qolishiga olib keldi. Afg‘onistonning ko‘p yillik urushlar, qashshoqlik va tabiiy ofatlar tufayli zaiflashgan sog‘liqni saqlash tizimi jabrlanganlarga yetarlicha yordam bera olmayapti. Rasmiylarining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tabiiy ofat qurbonlari soni 2205 kishiga yetgan, 3640 kishi jarohatlangan.

Kiritildi: 12:30 07.09.2025. O'qildi: 618 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!