Finalda Eron ustidan qozongan g‘alabadan so‘ng, Kapadze jamoaning maydondagi o‘yini va futbolchilarning tayyorgarligi haqidagi savollarga javob berdi.
O‘zbekiston terma jamoasi 8 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan CAFA Nations Cup-2025 finalida Eron ustidan 1:0 hisobida zafar qozonib, chempionlikni qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan keyingi matbuot anjumanida bosh murabbiy Kapadze jamoaning o‘yini va futbolchilarning tayyorgarligi haqida fikr bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron terma jamoasi qariyb har bir o‘yinda hakam qaroridan norozi bo‘ladi. «Eron terma jamoasi qachon rozi bo‘lgan o‘zi? Bu ularga xos holat. VAR ko‘rib chiqib, qaror qabul qildi. Kechirasizlar-u, Eronda ham bunday holatlar ko‘p kuzatilgan. Eng asosiysi, g‘alaba qozonishni uddaladik», — dedi Kapadze.
Murabbiy futbolchilarning individual holatiga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, Eldor Shomurodov yaxshi sport formasida bo‘lgan va jamoaga katta tajribasi bilan yordam bergan. Shu bilan birga, Abbos Fayzullayevning hujumdagi o‘yini raqibni qiyin ahvolga solgan.
Kapadze turnir davomida ko‘plab futbolchilarni sinab ko‘rish imkoniyati bo‘lganini qayd etdi. Xususan, Vladimir Nazarov kabi yangi nomzodlar maydonga tushirilib, tajriba orttirgan. «Hammaning imkoniyatlarini ko‘rib oldik. Kimdir debyut qildi, kimdir uzoq vaqt o‘ynamasdan, endi termaga qaytdi.», — deya ta’kidladi murabbiy.
«Olimpiya» stadionida o‘tgan hal qiluvchi bahsdagi yagona gol O‘zbekiston uchun qimmatli g‘alaba keltirdi. Ushbu natija milliy termamizni CAFA Nations Cup-2025 chempioni etib tarixga kiritdi.