Bugun 26 may, 2025 yil, dushanba

КИР

O‘zbekiston Shusha deklarasiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi — TIV

O‘zbekiston Shusha deklarasiyasiga qo‘shilgani haqidagi xabarlar rad etildi — TIV

Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi Shusha deklarasiyasiga go‘yoki O‘zbekiston ham qo‘shilgani haqida ayrim xorijiy nashrlar va Telegram kanallar orqali tarqalgan ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda Kun.uz O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib xabar berdi.

Bir qator xorijiy nashrlar va Telegram-kanallarda Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasida imzolangan, umumiy mudofaani ko‘zda tutuvchi Shusha deklarasiyasiga O‘zbekiston ham qo‘shilgani haqida xabarlar tarqaldi.

«O‘zbekiston tomonidan [Ozarbayjon bilan] ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi va Shusha deklarasiyasiga qo‘shilishi aynan o‘z mohiyatida baholanishi kerak. Bu – Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy ittifoq tuzilganini bildiradi. «Harbiy ittifoq» degan tushuncha esa tashqaridan tajovuz bo‘lsa, o‘zaro harbiy yordamni nazarda tutadi», deyiladi CBC TV'ning YouTube'dagi 1,2 million obunachiga ega kanalida 23 may kuni ketgan reportajda.

Materialda Turkiya bugungi kunda tobora o‘zini «turkiy dunyo»da xavfsizlik koordinatori sifatida ko‘rsatayotgani hamda harbiy sohada Markaziy Osiyo davlatlari bilan ham aloqalarni mustahkamlab borayotgani qayd etilgan.

«Turkiya, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida harbiy ittifoq tuzilgani – bu turkiy dunyoni mustahkamlash va Markaziy Osiyo xavfsizligini barqarorlashtirish yo‘lida muhim qadamdir. Yaqin kelajakda Shusha deklarasiyasiga boshqa turkiy davlatlarning ham qo‘shilishi kutilishi mumkin», deyiladi CBC TV xabarida.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston Shusha deklarasiyasining ishtirokchisi emas.

«O‘zbekiston 2021 yil 15 iyun kuni Shusha shahrida Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasida imzolangan «Shusha deklarasiyasi»ning ishtirokchisi emas. Bu faqat Ozarbayjon va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlovchi ikki tomonlama hujjatdir.

Mazkur deklarasiya doirasida O‘zbekistonning Turkiya va Ozarbayjon bilan har qanday mudofaa ittifoqida ishtirok etayotganini tasdiqlovchi hech qanday rasmiy manba yoki dalil mavjud emas», deyiladi TIV rasmiysi manbaga bergan izohda.

Ahror Burhonov Ozarbayjon nashrida tarqalgan xabar «haqiqatga umuman to‘g‘ri kelmasligi»ni bildirdi.

Kiritildi: 16:08 24.05.2025. O'qildi: 611 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!