Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Germaniyaning yangi kansleri Fridrix Mersni hozirgi sharoitda Germaniya Yevropaga yetakchilik qilishi kerakligi haqidagi bayonoti uchun surbet deb atadi. Bu haqda TASS xabar berdi.
“Bryusseldagi barcha amaldorlar Ukraina masalasida o‘z nuqtai nazarlarini himoya qilib, saylovchilarini belni mahkam bog‘lab, yaxshi kunlarni kutish kerakligiga ishontirishmoqda. Chunki hozir Ukrainaga yordam berish kerak, sog‘liqni saqlash va isitish muammolari ikkinchi o‘ringa surilishi lozimligini aytishmoqda. ‘Kutish kerak, chunki Ukraina Yevropa qadriyatlarini himoya qilmoqda", deyishadi. Yevropa o‘z qadriyatlarini nimada ko‘rayotgani haqida o‘zingiz xulosa chiqaring.
Haqiqiy nasizm qayta jonlanmoqda. Bunga ko‘plab misollar bor. Jumladan, GFRning yangi kansleri janob Mersning Germaniya yana Yevropaga rahbarlik qilish vaqti kelgani haqidagi nutqi. Bunday so‘zlarni aytish uchun surbet odam bo‘lish kerak”, dedi Lavrov.
Bundan oldin Germaniya bundestagining mudofaa qo‘mitasi raisi Mari-Agnes Shtrak-Simmermann Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainani Rossiya imperiyasi tarkibiga qo‘shib olishni istayotganlikda ayblagan edi.