Bugun 8 may, 2025 yil, payshanba

КИР

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi giyohvandlikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashmoqda

O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi giyohvandlikka qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlashmoqda

Joriy yilning 6 may kuni Xalqaro biznes markazida Markaziy Osiyoda giyohvandlik vositalari tarqalishining oldini olish bo‘yicha Yevropa Ittifoqining “CADAP” dasturi doirasida mamlakatimizning tegishli vazirlik va idoralariga maxsus texnika hamda uskunalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi vakillari, “CADAP” dasturi rahbarlari va mutaxassislari, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Narkotik moddalarni nazorat qilish qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat jamg‘armasi hamda Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston vakillari giyohvandlikka qarshi kurash sohasida ko‘rsatilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun Yevropa Ittifoqiga minnatdorlik bildirdilar.
Ta’kidlanganidek, 2001 yilda ishga tushirilgan “CADAP” dasturi Yevropa Ittifoqining tashabbusi bo‘lib, u Markaziy Osiyo mamlakatlarida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga va ularning Yevropa davlatlariga tranzitiga qarshi kurashda huquqni muhofaza qiluvchi organlar sa’yharakatlarini birlashtirishga qaratilgan.
O‘tgan davr mobaynida mazkur dastur doirasida 800 nafardan ortiq mahalliy mutaxassislar Yevropa mamlakatlarining yetakchi muassasalarida hamda ixtisoslashgan xalqaro markazlarida malaka oshirib, tajriba almashishdi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuksak qadrlaydi. Bu nafaqat tashqi siyosiy hamkorlik, balki giyohvandlik xavfiga va transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida o‘zaro manfaatli hamda tizimli hamkorlikning muhim tarkibiy qismidir.
“CADAP-7” dasturi direktori Ernest Robello aytganidek, taqdim etilgan maxsus texnika va uskunalar nafaqat tegishli idoralarining tahliliy va texnik salohiyatini kuchaytiradi, balki hamkorlikni hamda real vaqt rejimida ma’lumot almashishni ta’minlash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratadi.
Shuningdek, ishtirokchilar sintetik giyohvandlik vositalari tarqalishining keskin oshganligi va ushbu sohada internet tarmog‘i, messenjerlar hamda anonim to‘lov tizimlaridan aktiv foydalannilayotganligi bilan bog‘liq zamonaviy tahdidlarga alohida e’tibor qaratdilar.
Tadbir yakunida tomonlar “CADAP” dasturi doirasidagi O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish transmilliy giyohvandlik jinoyatchiligiga qarshi samarali kurashishga imkon yaratishiga ishonch bildirishdi.

Kiritildi: 21:41 06.05.2025. O'qildi: 556 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!