Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Rossiya va AQSh ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish taklifini qo‘llab-quvvatlayotganini bildirdi.
Kiyevdagi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Ukraina va Rossiya ishtirokida milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilar darajasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qilgan. Mazkur tashabbus urushni tugatishga qaratilgan.
Ukraina OAVlarining xabar berishicha, Zelenskiy Rossiya—Ukraina urushi bo‘yicha jurnalistlar savollariga onlayn tarzda javob bergan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh tomonidan taklif etilgan tinchlik rejasi ustida ish davom etmoqda, Ukraina delegasiyasi esa AQShda muzokaralarni olib bormoqda.
Zelenskiy bunday uchrashuv yangi natija berishiga shubha bildirgan, chunki «shu formatda Turkiyada ham uchrashuvlar bo‘lgan». Biroq u o‘shanda asirlar almashinuvi bo‘yicha kelishuvga erishilganini eslatib, bunday uchrashuvlarni hech bo‘lmaganda yangi almashinuvlar yoki Rossiya, AQSh va Ukraina prezidentlari o‘rtasidagi ehtimoliy uchrashuvga zamin yaratish uchun o‘tkazish kerakligini ta’kidlagan.
«Bu haqda men bir necha bor aytganman. Ayrim murakkab masalalar borki, ularni davlat rahbarlari hal qilishi kerak. Agar natija sifatida asirlar almashinuvi yoki boshqa kelishuvlarga erishilsa, men bunga qarshi emasman. Shu bois AQSh taklifini qo‘llab-quvvatlaymiz. Kelajakda qanday bo‘lishini ko‘ramiz», — dedi Zelenskiy.
Davlat rahbari muzokaralar jarayonidagi eng murakkab masalalar sifatida Ukraina hududiy yaxlitligi, xavfsizlik kafolatlari, mamlakatni tiklash uchun zarur moliyaviy yordam ajratilishi hamda Zaporojye atom elektr stansiyasini boshqarish masalalarini sanab o‘tdi.