-Volodimir Zelenskiy Tramp va AQSh Kongressiga xat yo‘llab, unda havo mudofaa tizimlari yetishmayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda "Kyiv Independent" nashi. Xat matnini Axios agentligi jurnalisti Barak Ravid e’lon qildi.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina dronlardan himoyalanishda sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan, biroq hozircha o‘zining raketaga qarshi mudofaa tizimlarini ishlab chiqara olmaydi.
"Raketalardan havo mudofaa tizimi orqali himoyalanish masalasida biz butun dunyodagi do‘stlarimiz va hamkorlarimizga tayanmoqdamiz. Ballistik raketalardan himoyalanishda esa deyarli butunlay Qo‘shma Shtatlarga tayanamiz", — deydi Zelenskiy.
U "Patriot" tizimlari Rossiya ballistik raketalarining barcha turlariga qarshi “eng samarali mudofaa vositasi bo‘lib qolayotganini” ta’kidladi.
Zelenskiy PURL dasturi doirasidagi qurol-yarog‘ yetkazib berishning hozirgi sur’atlari “biz duch kelayotgan tahdidning real holatiga endi mos kelmayotganini” qo‘shimcha qildi.
Ma’lumot uchun, PURL dasturi — Yevropa davlatlari mablag‘lari hisobidan Ukraina uchun AQSh qurollarini sotib olish bo‘yicha NATO tashabbusidir.