Deutsche Welle nashrining yozishicha, Fridrix Mers 2024 yilda muxolifat yetakchisi bo‘lgan paytida Kiyevga Germaniyaning TAURUS raketalarini yetkazib berishga chaqirgan edi. Biroq u bir yillik kanslerlik davrida bu g‘oyani amalga oshirmadi. Shu yilning mart oyida Vazirlar mahkamasi rahbari Ukrainaga bu raketalar endi kerak emasligini ma’lum qildi.
Mers Rossiyaning Kiyev va uning atrofiga uyushtirgan so‘nggi ommaviy zarbalariga, jumladan, "Oreshnik" raketasi qo‘llanilganini qoraladi.
Ammo bir qator germaniyalik siyosatchilarning fikricha, buning o‘zi kifoya emas:
– "Janob kansler, bu Rossiyaning jinoyatlariga javob berish uchun yetarli emas. TAURUS raketalarini yetkazib berishga ruxsat berish eng munosib javob bo‘lar edi", — deb yozdi "Yashillar" partiyasi siyosatchisi, hozirda "Liberal zamonaviylik markazi" tahlil markazini boshqarayotgan Ralf Fyuks.
– "TAURUS raketalarini yetkazib berish vaqti allaqachon kelgan. Uzoq masofali yuqori aniqlikdagi zarba berish vositasi sifatida TAURUS harbiy nuqtai nazardan mutlaqo asosli qaror bo‘lib qolmoqda", — deydi Bundestag deputati va "Xristian-demokratik ittifoq" partiyasining tashqi siyosat bo‘yicha eksperti, ya’ni Mersning partiyadoshi Roderix Kizevetter Süddeutsche Zeitung gazetasiga bergan intervyusida.
Avvalgi hukumat koalisiyasi tarkibiga kirgan, biroq so‘nggi saylovlar yakunlariga ko‘ra Bundestagga o‘ta olmagan liberal "Erkin demokratik" partiyasi ham Kiyevga qanotli raketalarni yetkazib berish yoqlab chiqdi.
"Agar biz saylovdan oldin Fridrix Mersni to‘g‘ri tushungan bo‘lsak, unda Ukrainaga TAURUS raketalarini yetkazib berish vaqti keldi — agar bundan oldinroq bo‘lmagan bo‘lsa, aynan hozir ayni vaqti", — deyiladi partiyaning 25 maydagi bayonotida.