Ukrainaning Kiyev viloyati Bucha tumaniga Rossiyaning keng ko‘lamli hujumi oqibatlari davom etmoqda.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bu haqda o‘zining Telegram-kanalida yozdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli Kuchlarining hujumida bugungi kungacha 38 kishi halok bo‘lgan, 20 kishi, jumladan, ikki bola jarohatlangan va yana to‘rt kishi bedarak yo‘qolgan.
"Bucha tumanining Mila qishlog‘ida Rossiya hujumi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Qutqaruvchilar yong‘inlarning ko‘p qismini o‘chirishga muvaffaq bo‘lishdi. Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari ham voqea joyida tunu kun ishlamoqda, portlovchi qurilmalarni aniqlamoqda va zararsizlantirmoqda. Hududdagi ifloslanish ko‘lami sezilarli va bu ish davom etadi...", deyiladi nashrda.
Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari fuqarolik infratuzilmasiga, jumladan, reaktiv dronlar bilan hujum qilishda davom etmoqda.
“Jami, faqat shu haftada Rossiya Qurolli Kuchlari Ukraina hududiga qariyb 2000 ta hujumkor dron, 1600 dan ortiq havo bombasi va Shimoliy Koreyaning ballistik raketalarini o‘z ichiga olgan turli xil 31 ta raketani uchirdi. Zarbalar deyarli kunu tun front chizig‘i va chegara hududlariga: Nikopol, Kramatorsk, Xerson va Xarkov, Zaporojye, Dnepr, Donesk va Sumi viloyatlaridagi hududlarga amalga oshirilmoqda”, deb aniqlik kiritdi u.
Zelenskiy shuningdek, Ukraina Qurolli Kuchlari Rossiya Qurolli Kuchlarining Ukraina hududiga har bir zarbasiga javob berishini ta’kidladi.