Bugun 4 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

Yuridik atamalar elektron lug‘ati hamda O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati yaratildi

Yuridik atamalar elektron lug‘ati hamda O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati yaratildi

Adliya vazirligida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “Davlat tilini rivojlantirishda innovasion yechimlar” mavzusida tadbir tashkil etildi.

Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti va Adliya vazirligi mas’ullari, tilshunos olimlar, huquqshunoslar va OAV xodimlari ishtirok etgan tadbirda ikki muhim loyiha taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Ulardan biri – Yuridik atamalar elektron lug‘ati (tezaurusi)dir.

Bugungi kunda yuridik terminlar tizimini tartibga solish va shu asosda mamlakatimizda barcha huquq-sud tizimi uchun yuridik terminlar tezaurusining yagona elektron platformasini ishlab chiqishga ehtiyoj mavjud edi. Ushbu vazifa ijrosini ta’minlash maqsadida “Yuridik terminlar elektron tezaurusi va innovasion multimediya portali” ishlab chiqildi.

Loyihada Adliya vazirligi, Toshkent davlat yuridik universiteti, “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi va boshqa adliya muassasalari mutaxassislari ishtirok etdi.

Loyiha ishtirokchilari tomonidan 3 ming 236 yuridik termin va tushunchaning tezaurus lug‘at maqolasi tayyorlandi. Ulardan 2 ming 116 tasi thesaurus.tsul.uz platformasiga joylashtirilgan, 1 ming 126 termin esa ekspertiza bosqichida. Ekspertizadan o‘tgandan keyin ular ham platformaga joylashtiriladi.

Platformadan foydalanish bo‘yicha beshta videoyo‘riqnoma yaratilgan bo‘lib, ularda barcha jarayonlar batafsil tushuntirilgan va shu platformaga joylashtirilgan.

Loyiha orqali huquqiy terminlar tartibga solindi. Yuridik tushunchalar bitta platformada jamlanmoqda. Huquqiy ta’lim uchun qulaylik yaratiladi. Qonun ijodkorligida samaradorlik ortadi. Boshqa fan va texnika sohalari tezauruslari uchun namuna bo‘ladi. Yuridik tilni takomillashtirishga yordam beradi. Huquqiy terminlar tartibga solinadi.

Platforma orqali fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish darajasini oshirish, markazlashgan elektron bazalarni yaratish, boshqa davlat organlari axborot tizimlari bilan elektron tarzda ma’lumot almashishni tashkillashtirish bo‘yicha bir qator natijalarga erishish mumkin.

Jumladan, ushbu platforma “Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi” (Lex.uz) yanada rivojlantirilishiga hissa qo‘shadi.

Shuningdek, uning “Fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari yagona elektron arxivi”, “Notariuslar ma’lumotlarining avtomatlashtirilgan tizimi” va Sud departamentining “E - ijro” axborot tizimlari bilan integrasiya qilinishi ularda qo‘llaniladigan yuridik terminlar unifikasiyasiga xizmat qiladi.

Ikkinchi loyiha – O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati. Ushbu ish “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati va mobil ilovasini yaratish” nomli innovasion loyiha doirasida bajarilgan.

Ma’lumki, davlat xizmatlari tizimida, xususan, FHDYo bo‘limlarida, shuningdek, fuqarolik pasportlarini rasmiylashtirish jarayonida o‘zbek ismlarining lotin hamda kirill alifbosidagi imlosi, ismlar ma’nosi izohi, shuningdek, pasport tizimida ularning ingliz tilidagi variantining to‘g‘ri yozilishida qator muammolar mavjud. Shuningdek, tilimiz yangi ismlar bilan boyigan bir jarayonda ularning imlosi bilan bog‘liq muammolarga yechim sifatida “O‘zbek ismlarining izohli imlo lug‘ati” hamda uning mobil ilovasi yaratildi.

Loyiha Adliya vazirligi tashabbusi va taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, Alfraganus universiteti, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi olimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan yaratildi.

Lug‘atda 10 ming atrofida ismlar mavjud. Xususan, arabcha, o‘zbekcha, turkcha, tatarcha, mo‘g‘ulcha, yunoncha, suryoniycha, pahlaviycha, yahudiycha, so‘g‘dcha, o‘zbekcha - qadimiy turkcha ismlar keltirilgan.

Loyiha o‘zbek ismlari lug‘atini qadriyatlarimizga mos ismlar bilan boyitish va zaxirasini tartibga solishga yordam beradi. Davlat xizmatlari tizimi, FHDYo bo‘limlari, fuqarolik pasportini qayd qilish sohalari mutaxassislarining ismlarni til qoidalari va qonuniyatlariga mos tarzda qayd qilishlari uchun muhim qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Lug‘atning zamonaviy elektron shakllarini yaratish kelgusida uni muntazam boyitib borish imkonini beradi va ulardan istalgan paytda foydalanish uchun qulaylik yaratadi.

Elektron lug‘atda ismlarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi hamda ingliz tilida yozilishi va ma’nosi (izohi) aks etgan. Lug‘at FHDYo elektron tizimiga integrasiya qilinadi.

Kiritildi: 11:42 13.10.2023. O'qildi: 2680 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!