Bugun 15 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Yo‘ldan adashgan haydovchi, sel oqimida qolgan avtomobil: Dehqonoboddagi fojia tafsilotlari

Yo‘ldan adashgan haydovchi, sel oqimida qolgan avtomobil: Dehqonoboddagi fojia tafsilotlari

Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida kuchli yomg‘ir ortidan yuzaga kelgan sel oqimi odam o‘limi bilan yakunlangan hodisaga sabab bo‘ldi. Sel yo‘lida qolib ketgan Damas avtomobili oqimga tushib, salondagi yo‘lovchi halok bo‘lgan.

Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 13 oktyabr kuni taxminan soat 17:30 da Qo‘ng‘irot mahallasiga qarashli Shakarbuloq qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Tog‘li hududlarda kuzatilgan qisqa muddatli jala natijasida mazkur hududdan kuchli sel oqimi o‘tgan.

Fojia qanday yuz bergan?

Hodisadan avval Damas haydovchisi hamrohi bilan harakatlanish yo‘nalishini yo‘qotib qo‘ygan. Ular qayerdan yurishni aniqlab olish uchun sel o‘tadigan joyda avtomobilni to‘xtatgan.

Biroq transport vositasi sirpanib, sel o‘zanidagi chuqurroq joyga tushib ketgan. Vaziyatdan chiqish maqsadida haydovchi mashinadan tushib, telefon orqali yordam chaqirishga harakat qilgan. Shu paytda u sel yaqinlashayotganini payqab, avtomobil ichida qolgan hamrohini xavfdan ogohlantirgan.

Ammo yo‘lovchi transport vositasidan chiqib ulgurmagan. Sel oqimi Damas'ni ichidagi odam bilan birga oqizib ketgan.

Qidiruv ishlari qanday yakunlangan?

Voqeadan so‘ng hududda qidiruv-qutqaruv tadbirlari tashkil etilgan. Qutqaruvchilar olib borgan ishlar davomida sel oqizib ketgan yo‘lovchining jasadi aniqlangan.

Hodisa joyida tuman hokimligi, Favqulodda vaziyatlar bo‘limi hamda ichki ishlar organlari mas’ullari ishtirok etgan.

Kiritildi: 11:55 14.10.2026. O'qildi: 677 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!