Amerikalik Krista Payk pentobarbital o‘lim in’eksiyasidan keyin omon qolgan AQSh tarixidagi birinchi insonga aylanganidan so‘ng, qayta qatl etilishi mumkin.
Bu haqda rossiyalik xalqaro huquqshunos Mixail Ajgirevich ma’lum qildi.
Ayol hozirda qamoqxonada sog‘lig‘ini tiklash jarayonidan o‘tmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, tomirlardagi muammolar tufayli preparat qo‘l to‘qimalarida to‘planib qolgan va ta’sir qilmagan.
Ekspertning ta’kidlashicha, Tennessi shtatida qayta qatl qilish huquqiy jihatdan mumkin, biroq bu eng kamida 2027 yildan oldin sodir bo‘lmaydi. Amerika amaliyotida bunday muqaddam kuzatilgan holat (presedent) mavjud: 1947 yilda Uilli Frensis elektr stulda omon qolgan edi. O‘shanda AQSh Oliy sudi hukmning ikkinchi marta ijro etilishi jarayon ishtirokchilarining huquqlarini buzmasligi haqida qaror chiqargan va mahkum bir yildan so‘ng qatl etilgan.
Tarixiy presedent mavjudligiga qaramay, mahkum ayolning himoyasi AQSh Konstitusiyasiga kiritilgan sakkizinchi tuzatishga faol suyanishni rejalashtirmoqda. Ushbu konstitusiyaviy norma shafqatsiz va g‘ayrioddiy jazolarni qo‘llashni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqiqlaydi. Advokatlar o‘lim hukmini ikkinchi bor ijro etishga yo‘l qo‘ymaslik uchun mana shu huquqiy vajni ilgari surishadi.
Suhbatdosh ushbu shov-shuvli ish atrofida voqealar rivojining bir nechta ehtimoliy variantlarini aytib o‘tdi. Mumkin bo‘lgan ssenariylar qatorida u rasmiy avf etish, hukmni almashtirish yoki qatl etishning yangi urinishiga sud taqiqini olishni tilga oldi. Shuningdek, advokatlar sud jarayonini shtatda hokimiyat almashgunga qadar ataylab cho‘zish taktikasini tanlashlari ham mumkin.
Bundan oldin AQShda favqulodda vaziyatlar xizmati dispetcheri qatl paytida omon qolgan Krista Payk haqidagi qo‘ng‘iroqni hazil (prank) deb hisoblagani xabar qilingan edi.