Bugun 15 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Trampning “bo‘lmay qolgan” kelini elchi lavozimidan chetlatildi

Trampning “bo‘lmay qolgan” kelini elchi lavozimidan chetlatildi

Oq uy Qo‘shma Shtatlarning Gresiyadagi elchisi Kimberli Gilfoylga iste’foga chiqish so‘rovi yuborilganini ma’lum qildi. Bunga uning pul, sovg‘alar va xizmatlar evaziga Tramp ma’muriyati rasmiylari bilan uchrashuvlar tashkillashtirib bergani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 12 oktyabr kuni bir paytlar o‘g‘li kichik Donald Trampga unashtirilgan Gilfoylni ishdan bo‘shatishni ko‘rib chiqayotganini aytgan edi. "U yaxshi ishlayotgan edi, lekin ommaviy axborot vositalarida o‘qiganlarimiz bizga yoqmadi", — dedi Tramp.

Sentyabr oyi boshidan beri The Wall Street Journal nashrida Gilfoylning xatti-harakatlari haqida ketma-ket maqolalar chop etildi. Ular orasida u Gresiya hukumatiga bosim o‘tkazish uchun AQSh ta’siridan foydalanish bilan tahdid qilgani haqidagi da’volar ham bor edi. Bu xabarlar amerikalik qonun chiqaruvchilarning xavotiriga sabab bo‘ldi.

The Wall Street Journal e’lon qilgan maqolalarning birida Gilfoyl Gresiyaning energetika kompaniyasi vakili bilan yaqin aloqada bo‘lgani va bu kompaniya manfaatlarini ilgari surgani haqida yozilgan. Boshqa bir maqolada esa u Donald Trampning yana bir o‘g‘li Erik sharafiga Davosda o‘tkaziladigan kechki ovqatga taklifnoma olish uchun badavlat grek tadbirkorlari bilan aloqalarini ko‘z-ko‘z qilgani audioyozuvlar orqali keltirilgan.

Ilgari San-Fransisko prokurori bo‘lib ishlagan Gilfoyl pul evaziga Tramp ma’muriyati mulozimlari bilan uchrashuvlar taklif qilgani aytilmoqda. Amerikalik tadbirkor Erik Detersning gazetaga ma’lum qilishicha, Gilfoyl bir safar undan 100 ming dollarlik kredit qarzini to‘lab berishni so‘ragan.

Gilfoyl X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi. U prezident Tramp va davlat kotibi Rubioga bo‘lgan hurmati o‘zgarmasligini bildirdi.

Kiritildi: 13:39 14.10.2026. O'qildi: 839 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!