Yamanda husiylar va Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlayotgan kuchlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qayta avj oldi. Saudiya Arabistoni boshchiligidagi kuchlar 4 oktyabr kuni husiylarga qarshi keng ko‘lamli harbiy kampaniya boshlanganini e’lon qildi. Biroq yillar davomidagi harbiy amaliyotlar ham guruhning ta’sirini bartaraf etish oson emasligini ko‘rsatdi. Bu haqda «Blumberg» nashri tahlilida so‘z boradi.
Husiylar 2014 yilda Yaman poytaxti Sanoni egallab olganidan beri mamlakatdagi eng ta’sirli kuchlardan biri bo‘lib qolmoqda. Ular aholining katta qismi yashaydigan hududlarni nazorat qiladi. Guruh avval Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlagan kuchlarning hujumlariga, shuningdek, AQSH, Buyuk Britaniya va Isroilning havo zarbalariga qaramay, o‘z mavqeini saqlab qolgan.
Husiylar kimlar va ular qanday kuchga ega?
Rasmiy nomi «Ansorulloh» bo‘lgan husiylar Yamanning shimoli-g‘arbidagi Sa’da viloyatida paydo bo‘lgan. Ular shialikning zaydiylik yo‘nalishiga mansub bo‘lib, 1990-yillarda siyosiy harakat sifatida shakllangan. 2014 yilda Sanoni egallab olish mamlakatda hozirgacha davom etayotgan fuqarolar urushiga olib kelgan.
Husiylar Erondan qurol-yarog‘ va harbiy yordam olib kelgan. Biroq «Blumberg» tahliliga ko‘ra, guruh mahalliy kontrabanda tarmoqlari, tashqi bozorlardan olinadigan sanoat qismlari va o‘z qurollarini ishlab chiqarish imkoniyatlaridan ham foydalanmoqda. Bu ularning tayyor qurol yetkazib berishga qaramligini kamaytirib, harbiy salohiyatini yo‘q qilishni qiyinlashtiradi.
Mojaro nima uchun qayta boshlandi?
2022 yilda BMT vositachiligidagi sulh Yaman urushida nisbiy tinchlikni ta’minlagan edi. Biroq 2026 yildagi voqealar vaziyatni yana keskinlashtirdi.
«Blumberg» ma’lumotlariga ko‘ra, 13 iyul kuni Saudiya Arabistoni samolyotlari Sano aeroportiga zarba bergan. Shundan keyin husiylar Saudiya Arabistoni janubidagi Abha xalqaro aeroportiga raketa va dronlar bilan hujum qilgan. Keyinchalik guruh Saudiya portlari bilan bog‘liq kemalarga tahdid solib, Qizil dengizdagi hujumlarini qayta boshlagan.
Nashrning yozishicha, sentyabr oyida husiylar Yamanning Qizil dengiz sohili va strategik ahamiyatga ega Bob al-Mandab bo‘g‘ozi atrofidagi mavqeini mustahkamlashga harakat qilgan. Bu hududlar ustidan nazorat mintaqaviy savdo va neft eksporti uchun muhim hisoblanadi.
Nima uchun husiylarni mag‘lub etish qiyin?
Birinchi sabab — guruhning mustahkam hududiy mavqei va uzoq yillik jangovar tajribasi. Ikkinchisi — raketa va dronlardan foydalanish imkoniyati. Uchinchisi — mahalliy qurol ishlab chiqarish va turli ta’minot manbalaridan foydalanish orqali tashqi bosimga moslashish qobiliyati.
Husiylarning Qizil dengizdagi hujumlari xalqaro dengiz savdosiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Sues kanali va Bob al-Mandab bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi yo‘nalish Yevropa bilan Osiyo o‘rtasidagi muhim savdo yo‘llaridan biri hisoblanadi. Xavfsizlik tahdidlari sabab ayrim kemalar Afrikaning janubiy chekkasini aylanib o‘tishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa safarni minglab kilometrga uzaytirib, tashish xarajatlarini oshiradi.
Saudiya Arabistoni qanday yordam olmoqda?
«Blumberg» xabar berishicha, Saudiya Arabistoni husiylarga qarshi kurashda hamkorlaridan yordam so‘ragan. Turkiya va Pokiston mudofaa sohasidagi hamkorlikni rivojlantirgan bo‘lsa-da, ularning bevosita hujumkor harbiy amaliyotlarda qatnashishga tayyorligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Buyuk Britaniya Saudiya qiruvchi samolyotlariga havoda yoqilg‘i quyish uchun samolyot taqdim etgan. Fransiya esa Qizil dengiz sohilidagi Yambu neft eksporti markazini himoya qilish uchun qo‘shinlar va radar tizimlarini yuborishini bildirgan. AQSh Saudiya Arabistoniga razvedka ma’lumotlarini taqdim etishda davom etmoqda.
Saudiya Arabistoni uchun husiylar tahdidini bartaraf etish nafaqat xavfsizlik, balki iqtisodiy masala hamdir. Raketa va dron hujumlari mamlakatning xorijiy investisiyalar, turizm va yirik infratuzilma loyihalarini rivojlantirish rejalariga xavf tug‘dirishi mumkin.
Shu bilan birga, husiylarga qarshi keng ko‘lamli quruqlik operasiyasi katta xarajatlar va uzoq davom etadigan urush xavfini keltirib chiqaradi. Shu sababli guruhni harbiy yo‘l bilan to‘liq mag‘lub etish maqsadiga erishish oson bo‘lmasligi mumkin.