Ijtimoiy tarmoqlarda MrBeast Samarqanddan Toshkentga shoshilinch ketgani, Buxoro va Xivaga safari bekor qilingani haqida xabarlar tarqaldi.
Biroq O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi uning ketishi avvaldan rejalashtirilganini bildirdi.
Jamg‘arma ma’lumotiga ko‘ra, bloger faqat Toshkent va Samarqandga borishni rejalashtirgan, Buxoro va Xivada esa uning jamoasi tarixiy obidalarni tasvirga oladi.
Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev ham blogerning o‘zi shaharga bormagani, u yerga faqat tasvirga olish guruhi kelganini ma’lum qildi.
MrBeast O‘zbekistonda muxlislari bunchalik ko‘p bo‘lishini kutmaganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mashinasi ortidan mingdan ortiq odam ergashgan, milisiya yordamisiz harakatlanish qiyinlashgan.
Bloger muxlislarga minnatdorlik bildirgan, biroq ularning e’tibori jamoasiga qiyinchilik tug‘dirayotganini aytgan.
“Balki, mening bu yerda bo‘lishim mamlakat uchun ortiqcha tashvish tug‘dirayotgandir. Ehtimol, ketishimizga to‘g‘ri kelar”, — degan u.