Buyuk Xitoy devorini bilmaydigan odam bo‘lmasa kerak yer yuzida. Biroq Yashil Xitoy devorini hatto Xitoyni o‘zida ham yaxshi bilmaydiganlar bor.
Xitoy Xalq Respublikasi hududlaridagi sahrolarning kengayib borishining oldini olish maqsadida hukumat “Yashil Xitoy devori” loyihasini ishlab chiqib, hayotga tadbiq etmoqda. So‘nggi yillarda poytaxt Pekin va mamlakatning shimoliy hududlari qum bo‘ronlaridan aziyat chekmoqda. Har yili bo‘ronlar tufayli 1300 kvadrat kilometr unumdor yerlar qum bilan qoplanadi. Buning oqibatida 400 millionga yaqin kishi qiyinchiliklarga duch kelmoqda.
Xitoydagi qum bo‘ronlari Koreya, Yaponiya va hatto AQSh g‘arbiy sohillariga qadar yetib borgani aytiladi. Xitoyliklar qum bo‘ronlarini obrazli qilib “Sariq ajdarho” deb atashadi. Shu sababli ham “Yashil devor” loyihasi xitoyliklar omonidan “Sariq ajdarni bo‘ysindirish” deyiladi. Loyiha mualliflarining fikricha, Buyuk Xitoy devori mamlakat shimoliy hududlarini ko‘chmanchilardan qanday himoya qilgan bo‘lsa, “Yashil devor” yerlarni qum bo‘ronlaridan ana shunday himoya qiladi.
Shuni ta’kidlash kerakki, mutaxassislar jahondagi ko‘plab mamlakatlarda yuzaga kelayotgan sahrolanishga inson omili sabab bo‘layotganini ta’kidlab kelishadi. Qishloq ho‘jaligining shitob bilan rivojlanishi yerlardan imkoniyatdan ortiq darajada foydalanishni taqazo etmoqda. Podalar tuyog‘i ostida toptalgan o‘simliklar kamayib bormoqda. O‘rmonlar kesilishi oqibatida hududlar qurib ketmoqda. Shuningdek, sanoatning rivojlanishi tabiatga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
1949 yilda Xitoy hududlarining 8 foizi o‘rmon bilan qoplangan edi. Sanoat rivojlanishi oqibatida yoqilg‘iga talab ko‘paydi. Ming-minglab gektar o‘rmonlar kesilib ketdi. Aholi sonining o‘sishi, qishloq ho‘jaligi va sanoatning rivojlanishi suvga bo‘lgan talabni kuchaytirdi. Artizan quduqlar va to‘g‘onlar qurilishi daryoda suvlarning kamayib ketishiga olib keldi.
Shamol tezligini kamaytirish va yerlardagi eroziyaga qarshi qurashish maqsadida 13 viloyat hududlariga o‘tqazilgan daraxt, buta va o‘simliklardan iborat yashil belbog‘ – ya’ni “Yashil devor” barpo etishga kirishdi. Bu loyiha 2072 yilga qadar mo‘ljallangan bo‘lib, sal kam 350 ming kvadrat kilometrni ko‘kalamzorlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Mutaxassislarning so‘zlariga qaraganda, daraxtlar shamol va qum bo‘ronlari harakatini tutishga xizmat qilsa, ularning ildizlari yerlarni eroziyaga uchrashiga yo‘l qo‘ymaydi.
“Yashil devor” loyihasiga butun Xitoy halqi jalb qilingan. Qonunga ko‘ra, 11 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan har bir fuqaro yil davomida uchtadan beshtagacha daraxt o‘tkazishi shart yoki belgilangan miqdorda soliq to‘lashga majbur. Shuni ta’kidlash kerakki, har yili 12 mart kuni 600 milliondan ortiq Xitoy fuqarosi daraxt o‘tkazish tadbirida ishtirok etadi. Hukumat 2020 yilga borib mamlakatdagi o‘rmonlar xududi qirq million gektarga yetishi uchun harakat qilmoqda. Yaqin 10 yilda buning uchun 26 milliard tup daraxt o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
2003 yildan boshlab o‘rmon sanoati korxonalarini tubdan isloh qilish boshlandi. Islohatlarga binoan, o‘rmon hududlari dehqonlarga ijaraga berildi. Endilikda fuqarolar bu maskanlarning to‘laqonli xo‘jayiniga aylandilar. Chunki har kim o‘zi o‘tqazgan ko‘chatdan xususiy mulk sifatida foydalanish yoki ijaraga berish xuquqiga ega bo‘ldi. Bu o‘z navbatida daraxtlarning ko‘payishiga va o‘rmonlarning asl holicha saqlanib qolishiga hissa qo‘shmoqda. Ayrim viloyatlarda loyiha o‘z samarasini bermoqda. Avvallari uylari oldini har kuni qumlardan tozalashga o‘rganib qolgan kishilar endilikda bu tashvishdan qutildilar. Tahlilchilarning so‘zlariga qaraganda, so‘nggi yillarda barpo qilingan o‘rmonlar yiliga 200 million tonna qumni “ushlab” qolgan. 1973 yildan shu kunga qadar Xitoydagi o‘rmonlar maydoni ikki barobarga kengaygan. Yangi ming yillik boshida Xitoyda yo‘qolib ketish xavfi bo‘lgan o‘rmonlarda mol boqish ta’qiqlandi. Biroq, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, ayrim mintaqalarda sahrolar xududi kengayib bormoqda.
O‘zAdan olindi.