Yaponiya parlamenti saylov kampaniyalari paytida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish qoidalarini qattiqlashtiruvchi qonunni ma’qulladi, deb xabar beradi Kyodo.
Qonun nomzodlar haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatishni taqiqlaydi va sun’iy intellekt yordamida yaratilgan materiallarni nashr etish uchun yangi talablarni joriy etadi.
Qonun saylov shaffofligini oshirish, so‘z erkinligini himoya qilish va fuqarolarga nomzodlar haqida ishonchli ma’lumot berishga qaratilgani aytilmoqda.
Qonun ijtimoiy platforma operatorlarini saylovlar paytida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilishini cheklash choralarini ko‘rishga majbur qiladi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Yaponiya ichki ishlar va kommunikasiyalar vazirligi ushbu talablarni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlaydi va ularni amalga oshirish bo‘yicha yillik hisobotlarni e’lon qiladi.
Biroq, qonunda yangi qoidalarga rioya qilmaslik uchun platformalarga qarshi sanksiyalar ko‘zda tutilmagan, shuning uchun o‘zgarishlarning samaradorligi allaqachon mutaxassislar orasida savollar tug‘dirmoqda.
Yana bir o‘zgarish sun’iy intellektdan foydalanishga tegishli. Saylovlar bilan bog‘liq sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki o‘zgartirilgan rasmlar yoki videolarni joylashtirgan foydalanuvchilar bunday kontent sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki tahrirlanganligini ko‘rsatishlari shart bo‘ladi.
Qo‘shimcha qoida shuningdek, platformalarga yolg‘on ma’lumotlarga qarshi kurashish uchun qo‘shimcha choralarni ko‘rishni tavsiya qiladi. Bularga shubhali kontentni monetizasiya qilishni to‘xtatib qo‘yish, rasmiy manbalardan olingan postlarning ko‘rinishini oshirish va foydalanuvchilarga ogohlantirishlar joylashtirish kiradi.
Yangi qoidalar 2027 yil 1 martda, Yaponiyada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi mahalliy saylovlardan oldin kuchga kirishi rejalashtirilgan.