Bugun 21 sentyabr, 2026 yil, dushanba

КИР

Isroil AQShdan “kompensasiya” talab qilmoqchi

Isroil AQShdan “kompensasiya” talab qilmoqchi

AQSh Isroilni Saudiya Arabistoniga 25 milliard dollarga F-35 qiruvchi samolyotlarini sotish niyati haqida xabardor qilgan. Shu munosabat bilan Isroil Vashingtondan harbiy texnologiyalar va qurol-yarog‘ tizimlari ko‘rinishida “kompensasiya” talab qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Isroil OAVga tayanib Walla xabar berdi.

Walla manbasiga ko‘ra, Isroil armiyasi Yaqin Sharqdagi boshqa davlatlardan hech biri F-35 kabi qiruvchi samolyotlarga ega bo‘lmasligini istagan. Bunday holat Isroilning mintaqadagi harbiy ustunligini saqlab qolishiga xizmat qilishi mumkin edi.

Shu bilan birga, bitim yaqin vaqt ichida imzolangan taqdirda ham Saudiya Arabistoni ilk F-35 samolyotini faqat besh yildan keyin olishi kutilmoqda.

Isroil armiyasi mamlakat havo kuchlari F-35 samolyotlariga ega boshqa davlatlarga nisbatan hamon sezilarli ustunlikka ega ekanini ta’kidlamoqda. Bu ustunlik, xususan, so‘nggi uch yil davomida Isroil uchuvchilari to‘plagan katta jangovar tajriba hamda Isroilda ishlab chiqilgan qurol tizimlarini F-35 — Isroil qurolli kuchlaridagi “Adir” samolyotlariga integrasiya qilish imkoniyati bilan bog‘liq.

Bundan tashqari, Isroil F-35 uchun ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqishda foydalanilgan “Adir” sinov samolyotiga ega. AQShda esa bunday samolyot mavjud emasligi qayd etilgan.

Isroil xavfsizlik tizimidagi yana bir manba havo kuchlarining ustunligi “nafaqat samolyotning o‘zida, balki, avvalo, odamlarda” ekanini ta’kidlagan.

Saudiya Arabistoni va AQSh o‘rtasidagi ehtimoliy F-35 bitimi hamda Yaqin Sharqdagi qurollanish poygasi fonida Isroil AQSh ma’muriyati bilan kelgusidagi qurol xaridlari bo‘yicha muzokaralarni qayta ko‘rib chiqmoqchi.

Isroil “kompensasiya” sifatida AQSh ilgari sotishga ruxsat bermagan qurol tizimlarini xarid qilish imkoniyatini talab qilishi mumkin. Shuningdek, mamlakat maxfiy qurol tizimlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarishda ishtirok etishni ham istamoqda.

Isroil armiyasining e’tiborida nafaqat zamonaviy jangovar samolyotlar va yangi avlod kam ko‘rinuvchan qiruvchilar, balki kosmik qurollarni ishlab chiqish, shuningdek, AQSh bilan Hetz-4 va Hetz-5 raketaga qarshi mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalarni ishlab chiqish va ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik qilish masalalari ham bor.

AQSh hozircha Isroilga ayrim zamonaviy qurol turlarini sotishga ruxsat bermagan. Ular orasida mustahkam yerosti ob’ektlarini yo‘q qilish vositalari, chuqur yerosti inshootlariga qarshi tizimlar, avtonom zarba beruvchi qurollar va dronlar mavjud.

Ayni paytda Isroilga uchinchi F-15 eskadrilyasi hamda qo‘shimcha F-35 eskadrilyalarini moliyalashtirish qiyin bo‘lmoqda.

Kiritildi: 23:46 20.09.2026. O'qildi: 442 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!