Bugun 8 may, 2025 yil, payshanba

КИР

YANGILANAYOTGAN KONSTITUSIYa -INSON SHA’NI VA QADR-QIMMATI DAXLSIZLIGI KAFOLATIDIR

YANGILANAYOTGAN KONSTITUSIYa -INSON SHA’NI VA QADR-QIMMATI DAXLSIZLIGI KAFOLATIDIR

Yangi O‘zbekiston uchun yangilanayotgan Konstitusiya hayotiy zarurat va adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘lib, yurtimizda olib borilgan barcha sohadagi islohotlarning konstitusiyaviy himoyasini ta’minlash demakdir. Konstitusiya asosi bitta ezgu g‘oya atrofida tubdan qayta yaratilganini ko‘rish mumkin. U ham bo‘lsa “Davlat – jamiyat – inson” degan prinsipning “Inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga aylanib, “Inson qadri uchun!” degan g‘oya ustuvorlikka ega ekanligi o‘z ifodasini topmoqda.

Bunda, fuqaroni birinchi marta davlat organlari tomonidan biron bir ishga gumon qilinuvchi sifatida jalb qilayotganda, unga birlamchi huquqlari tushuntirib berish sharti sanalgan “Miranda qoidasi” hamda “Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, ya’ni jinoiy ta’qibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqining tarixan eng qadimiy e’tiroflaridan biri hisoblangan normalar yanada keng joriy etilmoqda.

Birgina “Miranda qoidasi” bo‘yicha hibsga olingan shaxsga uni so‘roq qilishdan oldin albatta: -sukut saqlashga haqliligi; aytgan gaplari sudda unga qarshi qo‘llanishi mumkinligi va qo‘llanishi; so‘roqda uning advokati ishtirok etishi mumkinligi; advokat to‘lovini qila olmasa unga davlat tomonidan advokat berilishi tushuntirilishi hamda«haq-huquqlaringiz sizga tushunarlimi?”deb so‘ralishi; -o‘z advokatiga yoki yaqinlariga bir marta qo‘ng‘iroq qilish imkoni berilishi shart.

Endilikda, fuqarolarimiz biron bir surishtiruv, tergov organlariga olib kelinganda, uning huquqi, shuningdek, ushlab turilishi asoslari, nega davlat organiga keltirilgani haqidagi huquqlari tushuntirilishi asosiy qonuda o‘z ifodasini topmoqda. Ya’ni, aybsizlik prezumsiyasi normasi yanada isloh etilib, Konstitusiyamizning amaldagi 26-moddasida, shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblangan bo‘lsa, endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlanmoqda.

Shaxsga nisbatan tergov organlari tomonidan har qanday g‘ayriqonuniy harakatlar hamda taqiqlangan usullar qo‘llanilishining oldini olishni kafolatlash maqsadida yangilanayotgan Konstitusiyamizning 27-moddasiga kiritilayotgan – “shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”, degan jumlalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ilk marotaba yozishmalar, telefon orqali so‘zlashuvlar, pochta, elektron xabarlar va boshqa xabarlarni sir saqlash huquqi faqat sudning qaroriga asosan cheklanishi mumkinligi belgilanmoqda. Ya’ni, hozirda bu borada prokurorga tegishli bo‘lgan ayrim vakolatlarning sudlarga o‘tkazilishi shaxs daxlsizligi va konstitusiyaviy huquqlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, Konstitusiyada insonning shaxsiy huquq va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirilmoqda. Xususan, shaxsni sud qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi, ushbu muddat ushlab turish qonuniyligi va asosliligi sudda isbotlanmasa, shaxs darhol ozod qilinishi hamda shaxsni ushlab turish chog‘ida uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari unga tushunarli tilda tushuntirilishi kerakligi belgilanmoqda.

Guvohi bo‘layotganimiz, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi asosiy qonunda o‘z ifodasini topmoqda. Bunda esa mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolatlar o‘z ifodasini topayotganligi, O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan konstitusiyaviy tamoyil muhrlanayotganligi, bu barchaning qonun oldida tengligini va qonundan xech kim ustun emasligini ta’minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish, umuman olganda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor sifatida xizmat qiladi.

Avazbek Inamov, Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining raisi

Kiritildi: 20:03 04.04.2023. O'qildi: 3249 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!