Hindiston qurolli kuchlari Pokistonning terrorchilik infratuzilmasiga 9 ta aniq zarbani o‘z ichiga olgan "Sindur" operasiyasini boshladi. Bu haqda Hindiston mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
"Bir muncha vaqt avval Hindiston qurolli kuchlari "Sindur" operasiyasini boshladi, uning davomida Pokistondagi terrorchilar infratuzilmasiga zarbalar berildi", — deyiladi departament bayonotida.
Hindiston Mudofaa vazirligi qo‘shni davlatga berilgan zarbalar Pahalgamdagi terakt sabab bo‘lganini va eskalativ xarakterga ega emasligini qayd etadi.
Pokiston armiyasi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha bosh direktori general-leytenant Ahmad Sharif Chaudri Hindiston havo kuchlari Kotli, Bahvalpur va Muzaffarobod shaharlariga raketa zarbalari berganini tasdiqladi.
"Hindiston Bahvalpur, Kotli va Muzaffarobodning Ahmad Sharq hududidagi Subhonulloh masjidiga havodan uch joydan zarbalar berdi. Bu qo‘rqoq va sharmandali hujum Hindiston havo hududidan amalga oshirildi", deb xabar berdi Geo TV.
Chaudri Pokiston “o‘zi tanlagan vaqt va joyda bunga javob beradi”, deb ishontirdi.