Evropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen sun’iy intellektning jadal rivojlanishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflardan ogohlantirdi. Bu haqda BILD agentligi xabar berdi.
Strasburgda Yevropa Parlamentiga o‘zining yillik hisobotini taqdim etar ekan, Ursula fon der Lyayen Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini texnologik rivojlanish sur’atlariga mos ravishda xavfsizlik qoidalarini o‘z vaqtida ishlab chiqishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, texnologik taraqqiyot xavfsizlik talablarini ishlab chiqish jarayonidan oshib ketmasligi kerak.
U shuningdek, Yevropa sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish bilan birga, uning potensial tahdidlarini ham hisobga olishi kerakligini eslatdi.
— Hozirda ishlab chiqilayotgan yangi modellar ilgari imkonsiz bo‘lgan darajadagi xakerlik hujumlariga imkon beradi. Yaqin kelajakda bu texnologiyalar dunyoqarashi biznikidan butunlay farq qiladigan raqiblar qo‘liga tushishi mumkin, — dedi Yevrokomissiya raisi.
Uning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi yangi texnologiyalardan foydalanish qoidalarini o‘zi belgilashi va ularning xavfsiz rivojlanishi uchun sharoit yaratishi kerak.
Fon der Lyayen sun’iy intellektni rivojlantirish Yevropaning texnologik raqobatbardoshligi uchun muhimligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanishi va yetarli darajada tartibga solinmaganligidan kelib chiqadigan xavflarning oldini olishi kerak.