Xitoy Yaponiyaning uzoq masofali raketalarini Kumamoto va Sidzuoka prefekturalariga joylashtirishidan jiddiy xavotir bildirdi.
Bu haqda Xitoy TIV rasmiy saytidagi bayonotda aytiladi.
"Yaponiya o‘zini himoya qilish va javob zarbasi berish imkoniyati degan bahona bilan hujumkor qurollarni joylashtirmoqda. Bu esa mudofaa doirasidan va faqat mudofaaga yo‘naltirilgan siyosatdan ancha tashqariga chiqishdir", – deydi Xitoy Xalq Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mao Nin.
Diplomatning qo‘shimcha qilishicha, Yaponiyaning "yangi militarizmi" mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solmoqda. U xalqaro hamjamiyatni ushbu jarayonga nisbatan hushyor bo‘lishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, 31 mart kuni Yaponiya Mudofaa vazirligi taxminan 1000 km masofaga modernizasiya qilingan kemaga qarshi raketalar joylashtirilishini e’lon qildi. Vazirlikning ta’kidlashicha, "dushman bazalarini yo‘q qilish qobiliyatiga ega" raketalar Ikkinchi jahon urushidan beri xavfsizlik sohasidagi eng murakkab vaziyat fonida masofadan mudofaa uchun zarur.