Xitoy sun’iy intellekt bo‘yicha mutaxassislarga maxsus ruxsatsiz xorijga chiqishni taqiqladi — Bloomberg.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy rasmiylari Pekin tomonidan “mamlakat uchun strategik jihatdan muhim” deb hisoblanadigan mutaxassislarning chet elga chiqishini taqiqlash amaliyotini xususiy kompaniyalarga ham tatbiq eta boshladi. Endilikda ilg‘or sun’iy intellekt tizimlarini ishlab chiquvchi shaxslar, jumladan, Alibaba va DeepSeek kabi kompaniyalarning yuqori lavozimli xodimlari boshqa mamlakatlarga sayohat qilish uchun oldindan maxsus ruxsatnoma olishlari shart.
Bunday amaliyot davlat kompaniyalari rahbarlari, asosiy tadqiqotchilar, universitet xodimlari hamda yadroviy loyihalar bilan shug‘ullanuvchi olimlar o‘rtasida keng tarqalgan. Masalan, davlat kompaniyalari top-menejerlar va Kommunistik partiya mulozimlarining xorijga chiqish pasportlarini o‘zlarida saqlaydi. Biroq ilgari xususiy kompaniyalar uchun bunday talab xos bo‘lmagan.
Bloomberg manbalarining so‘zlariga ko‘ra, yangi cheklovlar ostiga sun’iy intellekt sohasining bir qator yetakchi mutaxassislari, jumladan, ayrim startap asoschilari, tadqiqotchilar va kompaniya rahbarlari tushgan. Bunday shaxslar ro‘yxatga ularning faqat lavozimi yoki ish joyiga qarab emas, balki mamlakat uchun strategik ahamiyati baholanib kiritilmoqda.
"Xitoy rasmiylari sun’iy intellektga nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki milliy xavfsizlikni ta’minlashni ham hisobga olgan holda qaray boshlagani haqida xabar bergan. Shu sababli, ushbu sohadagi yetakchi tadbirkor va tadqiqotchilarga AQShga bormaslik qat’iy tavsiya etila boshlangan. Pekin sun’iy intellekt sohasidagi ekspertlar xorijga chiqqanda Xitoyning ushbu yo‘nalishdagi yutuqlari haqidagi maxfiy ma’lumotlarni oshkor qilib qo‘yishidan yoki ularni muzokaralarda “kozir” (ustunlik ta’minlovchi omil) sifatida foydalanish uchun hibsga olishlari mumkinligidan xavotirda", deyiladi maqolada.