Bugun 28 oktyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Xitoy quruqlikda, yer ostida va raqamli makonda kelajak shahri konsepsiyasini taqdim etdi

Xitoy quruqlikda, yer ostida va raqamli makonda kelajak shahri konsepsiyasini taqdim etdi

Xitoyning Syun’an yangi hududida yer usti, yer osti va raqamli infratuzilmani yagona tizimga birlashtiruvchi «Uch shahar» konsepsiyasi taqdim etildi. Xitoyning innovasion loyihasi Xebey provinsiyasida bo‘lib o‘tgan Global boshqaruv forumida namoyish qilindi.

Bu haqda CGTN xabar bermoqda.

Syun’an yer osti infratuzilmasining asosini umumiy uzunligi 106 kilometr bo‘lgan muhandislik tonnellari tarmog‘i tashkil etadi. O‘tgan yil oxiri holatiga ko‘ra, ushbu tizim 1 500 kundan ortiq vaqt davomida uzluksiz ishlagan.

Er ostida an’anaviy sun’iy yo‘ldosh signallari yetib bormaydigan hududlarda harakatlanishni ta’minlash uchun Syun’anda BeiDou va 5G texnologiyalariga asoslangan ichki joylashuvni aniqlash tizimi joriy etilgan.

Er osti tarmog‘ining barcha qismlari shaharning «raqamli egizagi» sifatida ishlaydi. Binolarning axborot modellari va sensorlar suv bosimi, harorat, namlik hamda gazlar konsentrasiyasini real vaqt rejimida kuzatib, ma’lumotlarni yagona boshqaruv markaziga uzatadi.

Kelajak shahrining yer osti tonnellarini tekshirish ishlari xitoylik mutaxassislar tomonidan robotlashtirilgan yordamchilar orqali amalga oshirilmoqda.

«Ilgari tumanlardan biridagi uzunligi 11,75 kilometr bo‘lgan yer osti uchastkasini tekshirish ikki mutaxassisdan 22 soat vaqt talab qilardi. Hozir esa bu ishni beshta to‘rt oyoqli robot 3–4 soat ichida bajaradi», — dedi muhandis Vey Szijen.

Pekindan taxminan 100 kilometr janubi-g‘arbiy tomonda joylashgan Syun’an hududi Xitoy hukumati tashabbusi bilan barpo etilmoqda. U poytaxtdagi yuklamani kamaytirish maqsadida yuqori texnologiyalarga asoslangan va ekologik jihatdan qulay mintaqaviy markaz sifatida rivojlantirilmoqda.

Kiritildi: Bugun 13:30. O'qildi: 273 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!