Bugun 21 dekabr, 2025 yil, yakshanba

КИР

Xalqaro anjumanda tabiiy yechimlar va yashil texnologiyalar muhokama qilindi

Xalqaro anjumanda tabiiy yechimlar va yashil texnologiyalar muhokama qilindi

19–20 dekabr kunlari Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti («Green University»)da “Ekologik muammolarning tabiatga asoslangan yechimlari” mavzusida III xalqaro ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazilmoqda. Tadbir davlat organlari, jamoatchilik vakillari, nodavlat va xalqaro tashkilotlar vakillari, shuningdek xorijiy davlatlardan soha mutaxassislarini birlashtirdi.

Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining vise-prezidenti Shahlo Turdikulova, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi vakili Rashid Toshev, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston ekologik partiyasi fraksiyasining rahbari Abdushukur Xamzayev, shuningdek, IUCNning Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Dmitriy Gorshkov tomonidan ochib berildi. Qutlov qismi davomida Aziz Abduhakimov «Green University»ning yangi tayinlangan rektori Baxtiyor Po‘latovni tanishtirdi.

Shuningdek, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi tabrik so‘zi davomida, bugungi kunda O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi, suv resurslari tanqisligi, bioxilma-xillikning yo‘qolishi, yerlarning sho‘rlanishi va atmosfera havosining ifloslanishi kabi jiddiy ekologik muammolar bilan yuzma-yuz kelayotganini ta’kidladi. Ushbu muammolar nafaqat atrof-muhitga, balki iqtisodiyot, jamoatchilik va aholi salomatligiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda. Shuningdek, anjumanni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad barqaror rivojlanish tamoyillari hamda ilg‘or, ekologik yo‘naltirilgan texnologiyalar asosida ekologik islohotlarni amalga oshirishning ilmiy-nazariy va amaliy jihatlarini muhokama qilishdan iborat ekani qayd etildi.

Nutqda 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili” deb e’lon qilingani, shuningdek, soha bo‘yicha vakolatli idoraning Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirilishi ekologik islohotlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lgani alohida ta’kidlandi. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ko‘lamli vazifalar belgilangan bo‘lib, ular qatorida ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish, Orolbo‘yi hududida o‘rmonzorlar maydonini 2,3 million gektargacha kengaytirish, cho‘llanish, qurg‘oqchilik hamda chang-qum bo‘ronlariga qarshi kurashish maqsadida 600 ming gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etish, alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarni kengaytirish, shuningdek, yashil energetika ulushini 54 foizga yetkazish kabi vazifalar mavjud. Bundan tashqari, O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida 2035-yilga qadar issiqxona gazlari chiqindilarini 50 foizga qisqartirish majburiyatini olgan.

Aziz Abduhakimov xalqaro hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlar ekan, ekologik va iqlimiy muammolar chegara bilmasligi hamda birgalikda harakat qilishni talab etishini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, «Green University»da IUCN mintaqaviy vakolatxonasining ochilishi xalqaro hamjamiyatning Markaziy Osiyodagi ekologik muammolarni ilmiy asoslangan yechimlar orqali hal etishda O‘zbekiston tutgan roliga bo‘lgan yuksak ishonchi namunasi ekanligi bildirildi. Shuningdek, universitet bazasida Xitoy Fanlar akademiyasining Shinjon Ekologiya va geografiya instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan Markaziy Osiyo ekologiya tadqiqot markazi mintaqaviy ilmiy izlanishlar uchun asosiy platformaga aylanishiga ishonch bildirildi.

Anjumanning yalpi majlisi doirasida mahalliy va xorijiy yetakchi ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi. O‘zbekistonning bugungi kundagi ekologik va suv xo‘jaligi muammolari hamda iqlim o‘zgarishi sharoitida ularni hal etish yo‘llari diqqat markazida bo‘ldi. Alohida ma’ruza yashil iqtisodiyotni shakllantirish masalalari, uning rivojlanish mantig‘i va yashil texnologiyalarni joriy etishning innovasion yo‘nalishlariga bag‘ishlandi.

Onlayn chiqishlar davomida toza suv bilan ta’minlash va «yashil» energetikaga o‘tishda tabiatga asoslangan yondashuvlar, shuningdek, suv va yaylov ekotizimlarining iqlimiy barqarorligini oshirishga qaratilgan tabiatga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi siyosatni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajriba ko‘rib chiqildi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonning qurg‘oqchil hududlarida ekotizimlarni qayta tiklash uchun ekologik yechimlar salohiyatining ilmiy baholari taqdim etildi.

Shuningdek, suvsiz zonalarda suv tejovchi texnologiyalarning suv resurslari holati va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligiga ta’siri, zamonaviy usul va vositalar yordamida shaharlardagi iqlimiy va tabiiy xatarlarni boshqarish masalalari, yerlardan foydalanishni baholashda integrasiyalashgan yondashuvlar hamda daryo havzalarini barqaror boshqarish strategiyalari muhokama qilindi. Ekologik yechimlar sohasida innovasiyalarni joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha xalqaro tashabbuslarga, shuningdek, Termiz shahri misolida atmosfera havosini ifloslantiruvchi asosiy manbalarni baholash va havoning sifatini monitoring qilish hamda boshqarish tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki kun davomida konferensiya ishtirokchilari xalqaro ilmiy muloqotni rivojlantirish va hamkorlikni mustahkamlashga urg‘u bergan holda, ekologik barqarorlikni oshirish va iqlim o‘zgarishiga moslashishga qaratilgan ekologik texnologiyalar sohasidagi dolzarb ilmiy yondashuvlar va amaliy yechimlarni muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.

Kiritildi: Bugun 09:48. O'qildi: 204 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!