Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Vazirliklar hisoboti eshitildi

A A A
Vazirliklar hisoboti eshitildi

Mamlakatimizda buyuk o‘zbek yozuvchisi Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan yil davomida respublika teatrlarida 18 ta spektaklni sahnalashtirish rejalashtirilgan edi. Bugungi kunda 14 ta spektakl tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Qolgan to‘rttasi ham yil oxirigacha sahnalashtirilishi kutilmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.

Senatorlar Madaniyat va Innovasion rivojlanish vazirliklarining 2019 yilning to‘qqiz oyi davomidagi faoliyati yuzasidan hisobotini eshitdi.

Madaniyat vazirligining joriy yil davomidagi faoliyatida 13 ta mezon bo‘yicha 44 ta maqsadli vazifaning amalga oshirilishi belgilangan. Shundan 26 tasi joriy yilning birinchi, uchinchi choraklarida bajarilishi lozim edi. Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida vazirlik tomonidan muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hujjatlarini rasmiylashtirish maqsadida jami 5 ming 430 ta madaniy meros ob’ektining manzilli ro‘yxati tuzilgan va tasdiqlangan.

– Joriy yilning 9 oyi davomida 69 ta spektakl sahnalashtirildi, shundan 14 tasi tarixiy asardir, – dedi madaniyat vazirining o‘rinbosari Kamola Okilova. – Bundan tashqari, respublika davlat teatrlari bo‘yicha turli janrlardagi jami 665 ta spektakl bepul namoyish etildi. Hududlardagi bolalar musiqa va san’at maktablarida 4 ming 45 nafar oliy ma’lumotli mutaxassis o‘qituvchiga ehtiyoj borligi aniqlanib, kamida uch yil mehnat stajiga ega 5 ming 131 nafar mutaxassisning ro‘yxati shakllantirildi. Bolalar musiqa va san’at maktablari uchun pedagog kadrlarni tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston davlat konservatoriyasida maxsus sirtqi bo‘lim ochildi.

Majlisda vazirlik tomonidan ayrim vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmaganligiga urg‘u berildi. Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida 50 ta istirohat bog‘i faoliyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan bo‘lib, bugunga qadar tadbirkorlik sub’ektlarining biznes-reja loyihalari vazirlikning tegishli boshqarmalari tomonidan haligacha ko‘rib chiqilmoqda. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida ko‘zi ojizlar uchun kutubxonalar binolarini qurish ishlari olib borilishi muddati 2019 yilning I-III choraklari etib belgilangan bo‘lsa-da, buning ijrosi ham ta’minlanmagan.

Ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyatlari ko‘zi ojizlar kutubxonalari uchun yangi bino qurish, 5 ta avariya holatidagi tuman kutubxonasi binolarini ko‘chirish belgilangan edi.

Ko‘zi ojizlar kutubxonalari yangi binolarini qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, ammo Moliya vazirligi tomonidan kerakli miqdorda mablag‘ ajratilmaganligi sababli qurilish ishlari boshlanmagan. Mazkur holat bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Sirdaryo viloyatlari ko‘zi ojizlar kutubxonalari uchun yangi bino qurishda zarur bo‘lgan mablag‘lar ajratilishi yuzasidan Investisiya va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligiga tegishli ko‘rsatma berish bo‘yicha Madaniyat vazirligining xati Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.

Senatorlar innovasion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ham hisobotini eshitdi.

2019 yil davomida Innovasion rivojlanish vazirligi zimmasiga 42 ta vazifa yuklatilgan. Xususan, tegishli vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida xalqaro nashrlarda mahalliy olim va mutaxassislarning ilmiy natijalarini, maqolalarini chop etishga tayyorlash ishlariga ko‘maklashish bo‘yicha “Proofreading Service” xizmati yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari muammolarini kompleks ravishda hal etish, respublika xududlaridagi ilmiy-texnik va innovasion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish maqsadida innovasion ishlanmalar bazasi shakllantirilgan. Jumladan, sog‘liqni saqlash sohasi, qishloq xo‘jaligi, sanoat, ta’lim kabi yo‘nalishlarda 270 dan ortiq innovasion ishlanma tayyorlangan. Tijoratlashtirilayotgan innovasion ishlanmalarning soni 81 taga yetkazilib, hududlar bo‘yicha 33 ta loyiha amalga oshirilgan.

Shu bilan bir qatorda, ayrim vazifalar belgilangan muddatlarda bajarilmaganligi qayd etildi. Xususan, 2019 yilning uchinchi choragi davomida ijro etilishi belgilangan 16 ta topshiriqning 4 tasi muddatidan kechikkan holda bajarilayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shu munosabat bilan Innovasion rivojlanish vazirligi faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida qo‘mita a’zolari tomonidan qator tavsiyalar bildirildi. Jumladan, “Innovasion faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini qisqa muddatlarda Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga kiritish, mintaqaviy va xalqaro darajalarda klasterlarni yaratish strategiyasi va dasturlari asosida tuzilmalarni rivojlantirish bo‘yicha yagona konsepsiya tasdiqlanishini ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.

Kiritildi: 06:56 30.10.2019. O'qildi: 1992 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik