Bugun, 28 oktyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida kuchli shamol va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkin. Bu haqda O‘zgidromet xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro, Navoiy, Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va tog‘li xududlarda ba’zi joylarda shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi, chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.
Shuningdek, poytaxtda ham shamol tezligi 10-12 m/s gacha kuchayadi. Chang ko‘tarilishi mumkin.
“Mazkur hududlar aholisi hamda mehmonlaridan ehtiyot choralarini ko‘rishlarini so‘raymiz”, deyiladi xabarda.
O‘zgidrometning ta’kidlashicha, bunday ob-havoda fuqarolar ochiq havodagi faoliyatini qisqartirishi, xonadan tashqariga chiqqanda niqob taqishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, O‘zgidromet kecha, 27 oktyabr kuni ham kuchli shamol va chang-to‘zonlar kuzatilishi mumkinligi haqida ogohlantirgandi.