Turkiya huquqni muhofaza qilish organlari 5 nafar O‘zbekiston fuqarosini noqonuniy ravishda oltin olib o‘tishga urinib ko‘rgani uchun qo‘lga oldi. Bu haqda mahalliy OAVlar xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 3 nafar ayol va 2 nafar erkakdan iborat guruh O‘zbekistondan Istanbul orqali Kappadokiya viloyatining Nevshexir aeroportiga uchib kelgan. Tekshiruv davomida ularning bag‘ajlaridan 61 kilogramm 121 gramm oltin aniqlangan. Qimmatbaho metall go‘sht maydalagichlar va mikserlar ichiga ehtiyot qismlar shaklida eritilib joylashtirilgani ma’lum bo‘lgan.
Tergovga ko‘ra, Nevshexir viloyati polisiyasining kontrabanda va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari gumondorlar haqida avvaldan ma’lumotga ega bo‘lgan. Aeroportda ularni kutib olish uchun kelgan shaxs ham qo‘lga olingan.
Qo‘lga olingan shaxslar va topilgan oltinlar musodara qilinib, gumondorlar sud organlariga topshirilgan.