Bugun 4 noyabr, 2025 yil, seshanba

КИР

O‘zganing nomiga firibgarlik bilan olingan mikroqarz undan undirilmasligi mumkin

O‘zganing nomiga firibgarlik bilan olingan mikroqarz undan undirilmasligi mumkin

O‘zbekistonda firibgarlik bilan jabrlanuvchi nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik mexanizmi joriy etiladi. Bu Shavkat Mirziyoyev 3 noyabr kuni millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, kiberjinoyatlarga qarshi samarali kurashish hamda prokuror nazoratini raqamlashtirish yuzasidan takliflar taqdimoti bilan tanishganida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda kiberjinoyatlar soni esa 68 barobarga ko‘paygan. 2025 yilning o‘zida 46 mingdan ortiq kiberjinoyat aniqlangan. Ular orqali jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 1,2 trillion so‘mdan oshgan.

Jinoyatlarning katta qismi internet orqali amalga oshirilib, eng ko‘p tarqalgan usullardan biri — bank kartalari orqali sodir etilayotgan kiberfiribgarlik hisoblanadi.

Yig‘ilishda shaxsiy ma’lumotlar himoyasi bo‘yicha aniq mexanizm mavjud emasligi, ayrim tadbirkorlik sub’ektlari mijozlarning ma’lumotlarini ochiq bazalarda saqlanayotgani ta’kidlandi. Davlat xizmatlari sohasida ham biometrik identifikasiya va elektron raqamli imzolardan foydalanishda kiberxavfsizlik bo‘yicha yetarli kafolatlar ta’minlanmagani aytib o‘tildi.

Shuningdek, bank tizimida kiberhujumlarning oldini olish, shubhali pul operasiyalarini aniqlash va tezkor chora ko‘rish mexanizmlari yetarli darajada samarali ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois, taqdimotda sohaning huquqiy, texnologik va ilmiy-uslubiy asoslarini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilar bu borada ishlab chiqilgan yechimlarni bayon qildi.

Shaxsga doir ma’lumotlar bilan ishlashda kiberxavfsizlik talabini, bunday ma’lumotlarni shifrlab saqlash tartibini joriy etish, ma’lumotga ishlov beruvchi shaxslarning reestrini yuritish, sohadagi huquqbuzarliklar uchun jazo choralarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Bank sohasida onlayn-mikroqarz ajratishda firibgarlar ta’sirini cheklovchi zamonaviy himoya tizimlarini joriy etish, firibgarlik natijasida jabrlanuvchining nomiga olingan mikroqarzni undan undirmaslik, shubhali bank hisobvaraqlarini bloklashni tunu kun rejimda yo‘lga qo‘yishning mexanizmlari taklif qilindi.

Kiberjinoyatchilikning yangi turlari — smart qurilmalarga hujumlar, kriptoaktivlarni noqonuniy egallash kabi tahdidlarning oldini olish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazining salohiyatini oshirish va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish samaradorligini kuchaytirish, jumladan, ularni tezkor fosh etish bo‘yicha 7 turdagi yangi ekspertizani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Kiritildi: 23:35 03.11.2025. O'qildi: 1417 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!