Avvalroq 2026 yil 1 yanvardan boshlab Amerika Qo‘shma Shtatlari fuqarolari uchun O‘zbekiston Respublikasiga 30 kungacha vizasiz kirish tartibi joriy etilishi haqida xabar bergan edik.
Bu 2025 yil 3 noyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 203-sonli Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda. Mazkur Farmon O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamda turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida qabul qilindi.
Yangi tartib ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ishbilarmonlik, ilmiy va madaniy aloqalarni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi. Vizasiz rejim AQSh fuqarolariga O‘zbekiston bo‘ylab erkin sayohat qilish, mamlakatning boy tarixiy merosi, investisiya va turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
Shuningdek, vizalar bo‘yicha erkinlik siyosati AQShdan keluvchi sayyohlar oqimini oshiradi, biznes aloqalarni kuchaytiradi hamda O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ochiq va mehmondo‘st mamlakat sifatidagi ijobiy imidjini yanada mustahkamlaydi