O‘zbekistonda xavfsizlikni ta’minlash va murakkab harbiy vazifalarni bajarish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan bir qator elita bo‘linmalari faoliyat yuritadi. Ular orasida BSSO, "Qalqon", "Burgut" va MOON alohida tilga olinadi.
Ushbu tuzilmalarning vazifalari bir-biridan farq qiladi. Ayrimlari harbiy operasiyalarga ixtisoslashgan bo‘lsa, boshqalari jamoat xavfsizligi, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi.
BSSO — Mudofaa vazirligining Maxsus operasiyalar kuchlari. Bo‘linma harbiy sharoitdagi murakkab topshiriqlarni bajarishga mo‘ljallangan. E’lon qilingan ma’lumotlarda o‘zbekistonlik harbiylar AQShdagi musobaqada 20 kilogrammlik yuk bilan 20 kilometr masofani 1 soat 48 daqiqada bosib o‘tgani qayd etiladi.
"Qalqon" — Milliy gvardiya maxsus bo‘linmasi. Uning harbiy xizmatchilari yuqori jismoniy va ruhiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Qizil beret uchun sinovlarda 300 nafardan ziyod nomzod qatnashgani, biroq ularning faqat 85 nafari belgilangan talablarni bajara olgani aytilmoqda. Sinovlar 10 kilometrlik masofani bosib o‘tish va to‘rtta jangni o‘z ichiga olgan.
"Burgut" — Davlat xavfsizlik xizmatiga qarashli maxsus bo‘linma. U haqda ochiq ma’lumotlar nisbatan cheklangan. Xususan, shaxsiy tarkibi soni va faoliyatining ayrim jihatlari oshkor etilmaydi.
MOON — Ichki ishlar vazirligining maxsus vazifalarni bajaruvchi bo‘linmasi. U qurollangan jinoiy guruhlarni qo‘lga olish kabi xavfli operasiyalarga jalb etiladi. Tarqatilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘linmaning maxsus beret sinovlarida 500 nafardan ortiq xodim ishtirok etgan, ammo bor-yo‘g‘i 11 nafari muvaffaqiyat qozongan.
Bo‘linma xodimlarining murakkab sharoitlarda uzoq vaqt harakatlanishi va yashirin kuzatuv olib borishi ham ularning tayyorgarligida muhim o‘rin tutadi.