O‘zbekiston Superligasida chempionlik uchun kurash hal qiluvchi pallaga kirdi. Mavsum tugashiga uch tur qolganida Farg‘onaning «Neftchi» klubi bosh sovrinni qo‘lga kiritish uchun eng qulay vaziyatda turibdi.
14 noyabr kuni 26-turdan qoldirilgan uchrashuvda «Bunyodkor»ni 4:0 hisobida mag‘lub etgan farg‘onaliklar ochkolari sonini 64 taga yetkazdi. Shu tariqa, jamoa ikkinchi o‘rindagi «Paxtakor»dan besh, uchinchi pog‘onadagi «Navbahor»dan to‘qqiz ochkoga o‘zib ketdi.
Hozirda «Neftchi», «Paxtakor» va «Navbahor» 27 tadan uchrashuv o‘tkazgan.
«Neftchi»ga chempion bo‘lish uchun necha ochko kerak?
Farg‘onaliklar qolgan uchta uchrashuvda kamida besh ochko jamg‘arsa, raqiblarining natijalaridan qat’i nazar, O‘zbekiston chempioniga aylanadi.
Sababi, 59 ochkoga ega «Paxtakor» qolgan barcha bahslarda g‘alaba qozongan taqdirda ham, eng ko‘pi bilan 68 ochko to‘plashi mumkin.
«Neftchi» esa bitta g‘alaba va ikkita durang qayd etsa, 69 ochkoga yetadi va birinchi o‘rinni kafolatlaydi.
Ikkita g‘alaba ham jamoaning muddatidan avval chempion bo‘lishi uchun yetarli.
«Neftchi»ning qolgan uchrashuvlari:
28-tur. 20 noyabr, 18:30
«Navbahor» – «Neftchi»
29-tur. 28 noyabr, 16:15
«Neftchi» – «Dinamo»
30-tur. 2–3 dekabr
«Mash’al» – «Neftchi»
So‘nggi turning aniq sanasi va boshlanish vaqti qo‘shimcha tasdiqlanishi kerak.
E’tiborlisi, 20 noyabr kuni Namanganda bo‘lib o‘tadigan vodiy derbisi chempionlik poygasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Agar «Neftchi» «Navbahor» va «Dinamo»ni mag‘lub etsa, ochkolari sonini 70 taga yetkazadi va «Mash’al»ga qarshi so‘nggi turni kutmasdan chempionlikni rasmiylashtiradi.
Shu bilan birga, «Paxtakor» navbatdagi uchrashuvlarda ochko yo‘qotsa, farg‘onaliklar chempionlikni yanada ertaroq qo‘lga kiritishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, «Neftchi» 2025 yilgi mavsumda 24 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekiston chempioni bo‘lgan edi.
Endilikda farg‘onaliklar o‘z unvonini himoya qilishga yaqin turibdi. Agar jamoa qolgan uchta uchrashuvda kamida besh ochko jamg‘arsa, raqiblarining natijalaridan qat’i nazar, ketma-ket ikkinchi marta mamlakat chempioniga aylanadi.
Bu «Neftchi» tarixidagi yettinchi chempionlik bo‘ladi.