2026 yilning yanvar–sentabr oylarida Toshkent shahrida 15–16 yoshli qizlar o‘rtasida 7 ta homiladorlik holati aniqlangan. Bu haqda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 13 noyabrdagi qarorida ma’lum qilingan.
Hujjatda keltirilishicha, 2025 yilning shu davrida ham mazkur yosh toifasidagi qizlar o‘rtasida 7 ta homiladorlik holati qayd etilgan.
Hisobot davrida Toshkent shahrida 41 993 nafar tirik chaqaloq tug‘ilgan. Bu o‘tgan yilning mos davridagi 47 703 nafar ko‘rsatkichdan 5 710 taga kam. Shuningdek, ikki yilgacha oraliqda farzand ko‘rgan ayollar soni 2 054 nafarni tashkil etib, 2025 yilga nisbatan 133 nafarga oshgan.
Bundan tashqari, 35 yoshdan katta ayollar tomonidan 2 898 ta tug‘ruq qayd etilgan. To‘rtinchi va beshinchi farzandini dunyoga keltirgan ayollar soni esa 3 149 nafarni tashkil qilgan.
Qarorda 2026 yilning yanvar–sentabr oylarida onalar o‘limi bilan bog‘liq 5 ta holat qayd etilgani ham ko‘rsatilgan. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 6 tani tashkil etgan.
Shuningdek, hujjatda 15–16 yoshli qizlar o‘rtasida homiladorlik holatlarining oldini olish, bu borada ta’lim muassasalari, mahallalar va oilalar bilan profilaktik ishlarni tashkil etish vazifasi belgilangan.