Mamlakatimiz birinchi yarim yillikda to‘lov balansi bo‘yicha 2,3 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiya jalb qilgan (majburiyatlarning sof olinishi). O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar oqimi 50 foizga o‘sgan.
Taqqoslash uchun bu davrda Rossiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalar oqimi 1,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Ya’ni mazkur davrda O‘zbekistonga Rossiyadan ko‘ra ko‘proq to‘g‘ri investisiya kirib kelgan. Lekin ta’kidlab ketish kerakki, to‘lov balansi bo‘yicha statistikaning o‘ziga xos jihati bor. Majburiyatlarning sof o‘zgarishi majburiyatlarning oshishi hamda kamayishi o‘rtasidagi farqni o‘lchaydi. Ya’ni Rossiyaga 1,4 mlrd dollardan ko‘proq investisiya kirgan bo‘lishi mumkin, lekin chiqib ketgan pul oqimi hisobiga majburiyatlarning sof oqimi 1,4 mlrd dollarga teng bo‘lgan.
Lekin bu oqimning Rossiyadan ko‘proq shaklanishi mamlakatimiz uchun katta ko‘rsatkich. Chunki Rossiya iqtisodiyoti mamlakatimiz iqtisodiyotidan 17 barobar kattaroq. O‘z navbatida Rossiyada investisiya oqimining buncha past shakllanishi Rossiya-Ukraina urushi bilan izohlanadi.
2022 yildan keyingi davrda Rossiyadan to‘g‘ri investisiyalarning faol chiqib ketishi kuzatildi. Masalan, birgina 2022 yilning o‘zida to‘g‘ri investisiyalar bo‘yicha majburiyatlar 39 mlrd dollarga kamaygan. Ya’ni investorlar kiritgan investisiyalardan ko‘ra 39 mlrd dollar ko‘proq kapitalini Rossiyadan olib chiqib ketgan. Rossiya tarixida bir yilda hech qachon to‘g‘ri investisiyalar bu hajmda mamlakatdan chiqib ketishi kuzatilmagan edi. 2022 yildan 2025 yilgacha to‘g‘ri investisiyalar mamlakatdan chiqib ketishda davom etgan. 2025 yilda esa urushdan keyingi davrda birinchi marta Rossiyaga to‘g‘ri investisiya musbat oqimi qayd etilgan (11,2 mlrd dollar).
Shuningdek, Mazkur davrda Qozog‘istonning to‘g‘ri investisiya bo‘yicha majburiyatlari 1,5 mlrd dollarga kamaygan. Ya’ni xuddi yuqoridagi holat kabi investorlar mamlakatdagi investisiyalarini kamaytirgan. Lekin shu o‘rinda bir jihat muhim, Qozog‘istondagi manfiy ko‘rsatkichning shakllanishi asosan to‘g‘ri investisiya kiritgan korxonalar o‘rtasida qarzlarning kamayganligi bilan izohlanadi.
Joriy yilning ikkinchi choragida mamlakatimizga kelgan to‘g‘ri investisiyalar oqimi (majburiyatlar sof o‘zgarishi) YAIMga nisbatan 3 foizga yetgan taqqoslash uchun o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 2,3 foizni tashkil etgan edi. Yarim yillik oqim esa YAIMning 2,6 foizini tashkil etgan, o‘tgan yilning birinchi yarmida esa 2,4 foizga teng bo‘lgan. Ya’ni investisiyalar oqimi tez o‘sayotgan iqtisodiyotimizdan ortda qolmayapti. Mintaqamiz bilan taqqoslaganda ham mamlakatimiz bizdan kattaroq iqtisodiyotlardan ko‘proq investisiya jalb qilmoqda.