Bugun 4 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistondagi "Buyuk Xitoy devori" axlat bilan “o‘rab olingan”

O‘zbekistondagi "Buyuk Xitoy devori" axlat bilan “o‘rab olingan”

Turizm XXI asrda dunyo davlatlari milliy iqtisodiyotining lokomotiviga aylanib bormoqda.

Aynan, bugungi turizm sanoatining poydevori yer osti va yer usti tabiiy boyliklariga emas, balki ajdodlar tafakkuri, boy tarixiy-madaniy merosi tamadduni hisobiga o‘rnatilayotgani bejizga emas.

Chunki tabiiy resurslar abadiy emas, ammo ajdodlar aql-zakosi, boy merosi xuddi olmosga o‘xshaydi. Qancha sayqallansa, shuncha qadri oshib boraveradi.

Aynan, “Turizm to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunda ham turizmni rivojlantirishda bevosita ishtirok etish, madaniy meros ob’ektlarini targ‘ib qilish, sohada jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi hamda amaliyotdan kelib chiqib, turizmni rivojlantirish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar berish belgilangan.

Navoiy viloyat adliya boshqarmasi tashabbusi bilan faol nodavlat-notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari hamda fidoiy yoshlardan iborat “Madaniy yodgorliklar davlat himoyasida” velosayohatchilar guruhi o‘zining ilk velosayohatini Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida joylashgan Kanpirdevor madaniy yodgorligidan boshladi.

KANPIRDEVOR QANDAY YODGORLIK? 

Mahalliy xalq tilida “Kanpirdevor”, “Devori Kanpirak” nomi berilgan qal’a devorlari V-VI asrlarga oid bo‘lib, bugungi kunda ba’zi tadbirkorlar tomonidan qal’a paxsa devorlari buzilayotgani, g‘isht quyish, issiqxonalar uchun unumli tuproq sifatida talon-toroj qilinayotgani bo‘yicha adliya boshqarmasiga og‘zaki murojaat kelib tushgan. 

Vaholanki, mazkur noyob yodgorlik 2011 yilda arxeologik qazishmalar olib borgan xorijiy olimlar tomonidan memorial kompozisiyasi, mudofaa salohiyati bo‘yicha qadim Xitoy devoriga tenglashtirilgan.

Velosayohat davomida haqiqatda tarixiy yodgorlik qarovsiz holatda ekanligi aniqlandi.

Hozirga qadar madaniy yodgorlik kadastr ro‘yxatiga kiritilmagan, muhofaza belgilari o‘rnatilmagan.

Beparvolik oqibatida qal’a xarobalari mahalliy g‘isht quyuvchi, issiqxonalar uchun unumli tuproq makoni, tadbirkorlar uchun tekin xomashyo maydoni “ro‘yxatiga kiritilgan”, madaniy yodgorlik muhofaza belgilari bilan emas, aholi tomonidan tashlangan axlat uyumlari bilan “o‘rab olingan”, qal’a devorlari konservasiya qilish tugul, buldozer va yuk mashinalari izlari bilan “tekislangan”.

Achinarlisi, sayyohlar qatnaydigan M-37 xalqaro avtomagistral yoqasida joylashgan, qadim Buxoroning 430 kilometr hududini o‘rab olgan Buyuk Xitoy devoriga o‘xshagan mahobatli Kampirak devorining xalqaro arxeologik ekspedisiya tomonidan o‘rganilgan qismi ro‘yxatga kiritilmagan.

Arxeologik yodgorlikning tuman, viloyat, mamlakat, xalqaro ahamiyatga egaligi – mansublik darajasi ham belgilanmagan.

Mazkur holat yuzasidan viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Navoiy viloyat hokimligi, viloyat moliya boshqarmasi, viloyat madaniy meros boshqarmasiga sohaga oid qonunchilikka amal qilish, aks holda, belgilangan tartibdagi javobgarlik haqida ogohnoma kiritildi.

Shunchaki, turizm sohasida mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalana olsak, “Yo‘qdan bor qilish emas, borini yo‘q qilmaslik” prinsipiga qat’iy amal qilsak bo‘lgani.

Bugun mamlakatimizda turizm masalasi shaxsan davlat rahbari nazoratida ekan, milliy tariximiz va boy qadriyatlarimizdan dunyoni hayratda qoldirishdek ulkan mas’uliyat zimmamizda turibdi.

Buyuk Ipak Yo‘li chorrahasida joylashgan Kampirdevor xarobalari bizga qarata: “Qadim Buxoroning V-VI asrlardagi chegaralarini aniqlab beruvchi O‘zbekistonda saqlanib qolingan yagona inshootman. Tarixiy yodgorlikman”, deya javrayotgan murojaatidan uyg‘onaylik.

Ha aytgancha, biz Kanpirdevor qal’asi xarobalarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish uchun atayin velosipedda 114 km. masofani bosib o‘tdik.

Yo‘lda bo‘lsin, cho‘lda bo‘lsin, uchragan har bir yurtdoshimiz O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini asrab-avaylashi, madaniyat yodgorliklari davlat muhofazasida ekanligi, ajdodlar merosida kelajak avlodning ham haqqi borligini aytish uchun urindik.

Madaniy yodgorlik bilan bog‘liq real vaziyatni ko‘zimiz bilan ko‘rish, velosiped zavqidan bahramand bo‘lishni niyat qildik.

Keyingi manzilimiz Fransiyaning Lasko, Ispaniyaning Altamir qoyatosh suratlaridan aslo kam bo‘lmagan ochiq osmon ostidagi muzey.

Jonibek SHUHRATOV,

Navoiy viloyat adliya boshqarmasi mas’ul xodimi

 

O‘zA

Kiritildi: 14:03 24.07.2019. O'qildi: 2741 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!