Bugun 8 iyun, 2025 yil, yakshanba

КИР

O‘zbekistonda elektr va gaz narxlari oshgani foydalanishni kamaytirdi va tejamkorlikni oshirdi

O‘zbekistonda elektr va gaz narxlari oshgani foydalanishni kamaytirdi va tejamkorlikni oshirdi

O‘zbekistonda elektr va gaz ta’minoti sohasida joriy etilgan yangi tarif siyosati foydalanuvchilar iste’moliga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ma’lumotiga ko‘ra, yuqori hajmda elektr energiyasi iste’mol qilgan uy xo‘jaliklari soni 5,3 barobarga kamaygan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi matbuot xizmatining xabar berishicha, 2024 yil may oyida kuchga kirgan ijtimoiy iste’mol normasi asosidagi yangi tarif siyosati joriy etilgach, respublika bo‘yicha 3,5 mln gaz va 8 mln elektr energiyasi abonentlari ma’lumotlari tahlil qilingan.

Unga ko‘ra, may–dekabr oylarida elektr energiyasi iste’moli 10,6 foizga, ya’ni 1,3 mlrd kWh ga kamaydi. Ayniqsa oyiga 10 ming kWh dan ortiq energiya iste’mol qiluvchi oilalar soni 80 mingdan 15 mingtagacha qisqardi.

Tabiiy gaz iste’molida ham xuddi shunday dinamika kuzatildi: 2024 yilda abonentlarning 58 foizi 500 metr kubdan kam gaz ishlatgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 54 foizni tashkil etgan. Bu esa tarif oshishi asosan yuqori iste’molchi qatlamni qamrab olganini ko‘rsatadi.

Energiya ta’minoti sifatining yaxshilanishi haqida so‘rovda qatnashganlarning yarmi fikr bildirgan. Surxondaryo, Sirdaryo va Namanganda elektr ta’minoti yaxshilanganini bildirganlar soni 70 foizdan yuqori bo‘ldi. Gaz ta’minotida esa Xorazm va Jizzaxda ijobiy o‘zgarish qayd etilgan.

Uy xo‘jaliklarining 90 foizidan ortig‘i energiya tejash uchun kamida bir chora ko‘rgan. Ularning 87 foizi LED yoritishga o‘tgan. Qashqadaryo, Buxoro va Xorazmda ko‘pchilik plastik deraza va eshiklar o‘rnatgan. Jizzax, Navoiy va Qoraqalpog‘istonda ko‘plab xonadonlar energiya tejovchi maishiy texnika xarid qilgan.

Quyosh energiyasidan foydalanish ham ortib bormoqda. Respublika bo‘ylab 64 ming xonadonda 223,4 MWh quvvatdagi quyosh panellari o‘rnatilgan. Bu 313 mln kWh elektr energiyasi ishlab chiqarish va 104 mln kub metr gaz tejash imkonini berdi. 1,9 mln uy xo‘jaligida quyosh panellariga talab mavjud, bu ichki bozorda 2,3 mlrd dollarlik salohiyatni ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, samaradorligi past qurilmalardan foydalanish saqlanib qolgan, bu esa infratuzilmani yangilash va zamonaviy texnologiyalarga o‘tish zaruratini ta’kidlaydi, deb ma’lumot bermoqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi.

Kiritildi: 17:45 02.06.2025. O'qildi: 616 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!