Rossiya yilning ikkinchi yarmida neft bozorida taklif ko‘pligi yuzaga kelishidan qo‘rqadi, bu esa narxlarning yanada pasayishiga olib kelishi mumkin, deya xabar bermoqda Reuters agentligi Rossiya a’zo bo‘lgan OPEK+ doirasidagi muzokaralardan xabardor manbaga tayanib.
Iyun boshidagi OPEK+ yig‘ilishida neft qazib olish hajmini kuniga 411 ming barrelga oshirishga kelishib olindi. Aprel va may oylarida qabul qilingan qarorlar hisobga olinsa, umumiy o‘sish kuniga 1,2 million barrelni tashkil qiladi. 2024-yil oxirigacha alyans bozorga yana 2,2 million barrel neft chiqarishni rejalashtirmoqda – bu so‘nggi besh yildagi eng yirik kengayishdir.
Bloomberg va Reuters agentliklarining yozishicha, Rossiya ishlab chiqarish hajmini oshirishga qarshi chiqqan. Biroq bu qaror Saudiya Arabistoni bosimi ostida qabul qilingan, xabarlarga ko‘ra, AQSh prezidenti Donald Tramp neft narxini pasaytirish uchun murojaat qilgan.
Yangi kvotalar bo‘yicha Rossiya eksport hajmini kuniga 262 ming barrelga oshirishi mumkin. Ammo neft kompaniyalari ishlab chiqarish hajmini oshirishga shoshilmayapti. Ular taklifning ko‘payishi narxlarning pasayishidan qo‘rqishadi.
2024-yil boshidan beri Brent nefti 12 foizga, Urals 21 foizga arzonlashgan. Yanvar oyida Urals nefti bir barrel uchun 66 dollar, may oyida esa 52 dollarni tashkil qilgan. Bu daromadlarning chorak qismi neft va gaz daromadlariga bog‘liq bo‘lgan byudjetga zarba berdi. Yanvar-aprel oylarida ular 12 foizga kamaydi, may oyiga kelib esa pasayish 34 foizgacha tezlashdi.
May oyida hukumat byudjet parametrlarini qayta hisoblab chiqdi va Urals neftining o‘rtacha narxini avvalgi 69,7 dollar o‘rniga bir barrel uchun 56 dollar qilib belgiladi. Davlat Dumasi ilm-fan va sanoatni qo‘llab-quvvatlashga sarflanadigan xarajatlarni qisqartirishni ma’qulladi. Yangi hisob-kitoblarga ko‘ra, mamlakat eksport daromadidan 30 milliard dollar yo‘qotadi. Neft va gazdan byudjet daromadlari rejadan 2,6 trillion rubl kam bo‘ladi. Kamomad 3,8 trillion rublgacha ko‘payishi mumkin.
Mart oyida Markaziy bank hukumatni yopiq hisobotda uzoq muddatli past narxlar tahdidi haqida ogohlantirgan edi. Hujjat Saudiya Arabistoni ishlab chiqarishni keskin oshirib, bozorni yiqitgan 1980-yillardagi vaziyatning takrorlanish xavfiga ishora qiladi. O‘sha paytda bu Sovet Ittifoqi iqtisodiyotining qulashiga yordam berdi.
Defisitni zaxiralar yordamida moliyalash tobora qiyinlashib bormoqda. Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 1 iyun holatiga ko‘ra, Milliy farovonlik jamg‘armasining likvid aktivlari 2,8 trillion rublni tashkil qilgan. Yil boshidan buyon bu miqdor 15% ga, urush boshlanganidan beri esa uch baravardan ko‘proqqa kamaydi.