O‘zbekistonda xaridorlarga e’lon qilingan chegirmalarning haqiqiyligini QR-kod orqali tekshirish imkonini yaratish taklif etilmoqda.
Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi».
Qayd etilishicha, Qo‘mita 58 ta savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchasidagi 116 ta aksiyani o‘rganib, 65 ta muammo va kamchilikni aniqlagan. Ayrim hollarda chegirmalar amalda boshqacha qo‘llanilgan, aksiya shartlari to‘liq tushuntirilmagan yoki g‘oliblarga sovrinlar berilmagan.
Andijonda «Water Life Mineral» kompaniyasi «Orzu ushalsin» aksiyasida uch nafar ishtirokchiga jami 60 million so‘mlik sovrinlarni topshirmagan.
Namanganda esa Chevrolet Cobalt avtomobilini yutib olgan fuqaroning g‘olibligi bekor qilinib, mashina boshqa shaxsga berilgan. Kompaniya buni g‘olibning telefon raqami noto‘g‘ri terilgani bilan izohlagan. Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan so‘ng avtomobil haqiqiy egasiga qaytarilgan.
Namangandagi «Baldini» do‘konida 50 foizlik chegirma e’lon qilingan, ammo mahsulotlarda narxnomalar bo‘lmagan.
Buxorodagi «IDEA» do‘konida esa 20, 50 va 60 foizlik chegirmalar tovarning umumiy narxiga emas, balki bo‘lib to‘lashdagi oylik to‘lovlarga qo‘llangan.
Samarqandda avtomobil xarid qilganlarga maishiy texnika sovg‘a qilish aksiyasi faqat 100 foiz oldindan to‘lov qilgan xaridorlarga tatbiq etilgan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, aniqlangan 65 ta kamchilikning 59 tasi, ya’ni 90,7 foizi huquqiy tushuntirishlar va ogohlantirishlardan keyin bartaraf etilgan.
To‘rtta tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, iste’molchilar foydasiga 250 million so‘mga yaqin mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
Chegirmaning haqiqiyligini QR-kod orqali tekshirish mumkin bo‘ladi. Raqobat qo‘mitasi taklif etayotgan raqamli mexanizmlar xaridorlarga:
Bu orqali e’lon qilingan chegirmalarning haqiqiyligini tekshirish va xaridorlarni chalg‘ituvchi reklamalarning oldini olish ko‘zda tutilmoqda.