Eronning Oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyning sog‘lig‘i joyida, ruhiy holati barqaror. Uning ruhi tetik va vaziyatni nazorat qilib turibdi.
Bu haqda Eron Majlisi raisi Muhammad Boqir Qolibof o‘zining Telegram-kanalida yozdi. U bir kun oldin Oliy rahbar bilan uchrashganini ma’lum qilgan.
«Oliy rahbarning sog‘lig‘i joyida. Men uning ruhi tetik, g‘ayrati baland, umidga to‘la, sog‘lom va xotirjam holatda ekanini, shuningdek, masalalarni yaxshi anglab, vaziyatni nazorat qilayotganini ko‘rdim», — dedi Qolibof.
Qolibofning ta’kidlashicha, og‘ir yo‘qotishlarga qaramay, rahbarning bunday ruhiy holati va xotirjamligi uning Xudoga bo‘lgan mustahkam e’tiqodi hamda xalqqa chuqur ishonchidan dalolat beradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda urush, «qarshilik o‘qi», diplomatiya, muzokaralar, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, shuningdek, iqtisodiy siqib chiqarish va dengiz blokadasi masalalari muhokama qilingan.