O‘zbekiston va Hindiston ikki tomonlama munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga, xususan, 2030 yilga kelib o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kelishuvlarga 30 avgust kuni Toshkentdagi Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda erishilgan.
Rahbarlar O‘zbekiston-Hindiston strategik sherikligini yanada chuqurlashtirish va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilishdi. Tomonlar turli darajalardagi faol aloqalarni qayd etishdi.
2025 yil oxiriga kelib, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi birinchi marta 1 milliard dollardan oshdi. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni yetti baravar oshdi. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar amalga oshiriladi.
Muzokaralar yakunida tomonlar barcha darajalarda siyosiy aloqalar va almashinuvlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Xususan, muhokama parlament do‘stlik guruhlari, Hukumatlararo komissiya va Biznes kengashi o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarga qaratildi.
Ikki tomonlama hamkorlikni muvofiqlashtirish uchun tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida maxsus mexanizm rejalashtirilgani ta’kidlandi.
Rahbarlar, shuningdek, sanoat kooperasiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini ham muhokama qilishdi. Istiqbolli sohalar qatoriga energetika, elektrotexnika, metallurgiya, muhim minerallar, sog‘liqni saqlash, farmasevtika, qishloq xo‘jaligi va zargarlik sanoati kiradi.
Mirziyoyev va Modi xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashdilar. Rahbarlar ikki mamlakat o‘rtasidagi BMT, SHHT, BRIKS va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi samarali hamkorlikni ta’kidladilar.
Muzokaralar yakunida vazirliklar va idoralar rahbarlariga qo‘shma loyihalar va dasturlar bo‘yicha ishlarni faollashtirish topshirildi. Har bir ustuvor yo‘nalish bo‘yicha aniq amalga oshirish mexanizmlari, mas’ul tomonlar va muddatlar ko‘rsatilgan alohida yo‘l xaritalari rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Hindiston savdo-iqtisodiy, investisiya, madaniy-gumanitar, turizm, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan bir qator ikki tomonlama hujjatlarni imzoladilar.