Rossiyada joylashgan konsullik muassasalari faoliyati davomida O‘zbekiston fuqarolarining konsullik muassasalariga qalbaki hujjatlar taqdim etish holatlari kuzatilmoqda, deb xabar berdi Tashqi ishlar vazirligi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Telegram’dagi virtual guruh va kanallarda O‘zbekiston va boshqa davlatlarning turli xil qalbaki hujjatlarini tayyorlab berish "xizmatlari"ni taklif qiluvchi e’lonlar keng tarqalmoqda.
Ma’lum qilinishicha, bu jinoiy guruhlar faoliyati oqibatida fuqaro E.R. qalbaki vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirgan, O‘zbekistonga chipta olish jarayonida hujjatning soxtaligi aniqlangan.
Qozondagi Bosh konsulxonasining tezkor harakatlari natijasida fuqaroning Rossiya Jinoyat kodeksining 322-moddasi (Rossiya davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) hamda 327-moddasida (soxta hujjatlar, davlat mukofotlari, shtamplar, muhrlar yoki blankalarni qalbakilashtirish, tayyorlash yoki sotish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishining oldi olindi.
Shuningdek, ikki fuqaro o‘zaro tuzilgan qalbaki nikoh asosida nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirgan va unga asosan RF fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan (FHDYo) o‘z farzandiga "tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma"ni olgan.
TIV Rossiya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan turli xil "hujjat tayyorlab berish" haqidagi e’lonlarga aldanmaslik, hujjatlarni rasmiylashtirishda faqat O‘zbekiston vakolatli davlat organlariga murojaat qilishni qat’iy tavsiya qildi.