2025 yilda ijaraga beriladigan eng qimmat shaharlar bo‘yicha Visual Capitalist tadqiqotda Nyu-York birinchi o‘rinda, Singapur va Dubay esa o‘sish rekordini yangilamoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, dunyoning yirik shaharlarida ijara narxlari tez sur’atlar bilan o‘sib bormoqda. Ro‘yxatda Nyu-York shahri birinchi o‘rinni egallab turibdi, Singapur va Dubayda ijara haqi rekord darajada oshgan.
Nyu-York shahri markazidagi bir xonali kvartiraning o‘rtacha ijarasi oyiga 4 143 dollarni tashkil etadi, bu besh yil oldingiga nisbatan 22 foizga ko‘p. Pandemiya va odamlarning sezilarli darajada chiqib ketishiga qaramay, megapolisdagi turar joyga talab uning jahon moliya markazi maqomi hamda faol madaniy sahnasi tufayli hali ham yuqori bo‘lib qolyapti.
Boston oyiga 3394 dollar bilan ikkinchi o‘rinda (besh yil ichida 25 foizga o‘sgan). Bu yerda yuqori narxlar uy-joy fondining cheklanganligi va qurilish materiallarining qimmatligi bilan bog‘liq. San-Fransisko kuchli uchlikka (3332 dollar) yakun yasadi, bu yerda narxlar so‘nggi besh yil ichida deyarli o‘zgarmagan (+1%).
AQShdan tashqaridagi shaharlar ro‘yxatida Singapur o‘rtacha oylik ijara haqi 3167 dollar bilan peshqadamlik qilyapti, bu 2020 yilga nisbatan 55% ga ko‘p. Bu reytingdagi barcha shaharlarning eng tez o‘sishidir. Yevropada ijara haqi 39 foizga oshib, bu yerda 2985 dollarga yetgan London yetakchilik qilmoqda. Shveysariyada Syurix (2720 dollar, 35 foizga o‘sgan) va Jeneva (2330 dollar, 20 foizga o‘sgan) qit’aning eng qimmat shaharlari qatoridan joy olgan.
Mutaxassislar Dubayga alohida e’tibor beradi. U yerda ijara haqi 54 foizga oshib, 2401 dollarga yetdi. Bu ko‘rsatkich amirlikni Yaqin Sharqdagi eng qimmat shaharga aylantiradi va dunyo bo‘yicha sakkizinchi o‘rinda turadi.
Reytingga Chikago, Gonkong, Sidney, Vankuver va Myunxen kabi jami 20 ta shahar kiritilgan. Gonkongda esa ijara haqi 3 foizga tushib, 2202 dollarni tashkil etdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ijara haqining oshishiga nafaqat uy-joy taqchilligi, balki yashash joyi sifatida dunyoning eng rivojlangan shaharlarini tanlayotgan masofadan ishlayotgan ishchilarning chekka hududlardan ko‘p migrasiyasi ham sabab bo‘lyapti.