O‘zbekiston Yaponiyada o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarida 20-oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Jasurbek Jaysunov O‘zbekiston delegasiyasi uchun mazkur Osiyo o‘yinlaridagi 20-oltin medalni keltirdi. -80 kg vazn toifasida qatnashgan sportchimiz finalda Xitoy Taypeyi vakilini mag‘lub etdi va chempionlikni rasmiylashtirdi.
Taekvondochi Ozoda Sobirjonova Osiyo o‘yinlarining kumush medaliga ega chiqdi. -67 kg vazn toifasida ishtirok etgan yurtdoshimiz finalda eronlik raqibiga imkoniyatni boy berdi.
Boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar jamoasi esa Osiyo o‘yinlarining 13-kunida uchta vazn toifasida final janglarida ishtirok etdi.
Dastlab 90 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan To‘rabek Habibullayev xitoylik Huyejang Hanniga qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekistonlik bokschi jangda to‘liq ustunlik qildi va hakamlar bir ovozdan uning g‘alabasini qayd etishdi (5:0).
Bungacha Osiyo va jahon chempioni unvonlariga ega bo‘lgan 22 yoshli bokschi ilk bor Osiyo o‘yinlari g‘olibligini ham qo‘lga kiritdi (Hangchjoudagi Osiyo o‘yinlarida u bronza bilan ortga qaytgandi).
Shundan keyin, 60 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida Abdumalik Halokov janubiy koreyalik Donghvang Jangga qarshi final jangini o‘tkazdi. Bu bahsda ham oldindan favorit bo‘lgan o‘zbekistonlik bokschi yakunda yaqqol g‘alabaga erishdi (5:0).
Olimpiada o‘yinlarining amaldagi g‘olibi, ikki karra jahon chempioni va Osiyo chempioni hisoblangan Halokov uchun bu Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi g‘oliblik bo‘ldi. U bundan oldingi turnirda ham o‘z vazn toifasida tengsiz bo‘lgandi.
Uchinchi finalda esa +90 kg vazn toifasida Jahongir Zokirov Qozog‘iston vakili Aybek O‘ralbayga mag‘lub bo‘ldi (0:5) va kumush bilan kifoyalanadigan bo‘ldi.
Bungacha Firuza Kazakova (-51 kg), Sitora Turdibekova (-60 kg), Fazliddin Erkinboyev (-70 kg) va Shavkatjon Boltayev (-80 kg) yarimfinalda yutqazib, bronza medallar bilan ortga qaytadigan bo‘lgandi.
20 ta oltin medal bilan O‘zbekiston umumjamoa hisobida 4-o‘rinda bormoqda.