QS World University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra, O‘zbekistonning 7 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng nufuzli universitetlari ro‘yxatiga kiritildi. Bu mamlakat uchun tarixiy natija hisoblanadi va xalqaro maydonda oliy ta’lim tizimi taraqqiyotini ko‘rsatadi.
Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi natijalardan 5 ta universitetga ortib, O‘zbekiston ilk bor reytingda debyut qilgan OTMlar soni bo‘yicha dunyodagi 9 ta davlat qatoriga kirdi. Ro‘yxatdagi universitetlar orasida “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti eng yuqori – 469-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Milliy universiteti 721–730-o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan 5 ta OTM reytingga ilk bor kirdi.
To‘rtta universitet «bitiruvchilar yutuqlari» indikatori bo‘yicha dunyodagi top-700likka kirdi. Jumladan, Toshkent davlat texnika universiteti 540-o‘rin, Milliy universitet 545-o‘rin, “TIQXMMI” 644-o‘rin va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 660-o‘rinni egalladi.
QS Quacquarelli Symonds kompaniyasining mintaqaviy direktori Sergey Xristolyubov ta’kidlashicha, bu o‘sish ta’lim sifati, xalqaro hamkorlik va innovasion izlanishlarni kuchaytirishga qaratilgan islohotlarning natijasidir. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston universitetlari global raqobatda faol ishtirok etish salohiyatiga ega ekanligini namoyon qilmoqda.
QS World University Rankings — 2004 yildan beri e’lon qilinadigan va oliy ta’lim muassasalarini 9 ta xalqaro mezon asosida baholovchi dunyodagi eng obro‘li reytinglardan biridir.