Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Moskva sudi Gorki-2 posyolkasida joylashgan maktabga pichoq bilan hujum qilib, odam o‘ldirishda ayblanayotgan 15 yoshli Timofey K.ni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi, deya xabar bermoqda agentlik.
Hujum 16 dekabr kuni Moskva viloyatining Gorki-2 posyolkasidagi maktabda ro‘y bergandi. Shu maktabning to‘qqizinchi sinfi o‘quvchisi bo‘lgan 15 yoshli Timofey maktabga pichoq ko‘tarib kelib, qo‘riqchi va o‘quvchilarga hujum qilgan. Natijada to‘rtinchi sinf o‘quvchisi Qobiljon Aliyev halok bo‘lgan.
Hujumdan oldin Timofey K. maktabdagi bolalardan qaysi millatdan ekanini so‘ragan. Bu uning o‘zi tomonidan olingan va Telegram-kanaliga joylashtirgan videosida aks etgan. U o‘qituvchisi bilan turgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari guruhi oldiga kelgan va ularning millatini so‘ragan, shu vaqtda ortdan yaqinlashgan qo‘riqchi uni chaqirgan, u o‘girilib qo‘riqchining yuziga ballondagi suyuqlikni sepgan va yelkasiga pichoq urgan, keyin esa har tomonga qochayotgan o‘quvchilardan biriga yetib olib, tanasining turli qismlariga ustma-ust zarba bergan va uni o‘ldirgan. Shundan so‘ng Timofey o‘z qurboni fonida selfi olgan.
Timofey ommaviy qotilliklar va nasistik g‘oyalarga ishora qiluvchi jumlalar yozilgan epikirovkada bo‘lgan. Xususan, uning nimchasida “No Lives Matter” (“Hech kimning hayoti muhim emas”) yozuvi tushirilgandi. Bu ommaviy qotilliklar ijrochilari hamda o‘ta o‘ngchi guruhlarga taqlid qilishga asoslangan submadaniyat belgisidir